Bugun, 22-oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Farhod Arziev O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) tomonidan yuborilgan xalqaro kuzatuvchilari guruhi bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.
MDH PAga a`zo davlatlar parlamentlari a`zolari va tashkilotning mas`ul xodimlaridan (jami 22 kishi) iborat delegasiya koordinatori Tojikiston Respublikasi Parlamentining quyi palatasi raisining birinchi o`rinbosari Mahmadali Vatanzoda hisoblanadi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, saylov jarayonlarida MDH PA kuzatuvchilari nufuzli guruhining ishtiroki MDH doirasidagi hamkorlarning O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va o`zgarishlarga qiziqishi katta ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Delegatlar O`zbekistonda saylov qonunchiligini takomillashtirish, fuqarolarning siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, parlament, partiyalarning roli va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarga yuksak baho berdi.
MDH PA vakillari chet eldagi O`zbekiston fuqarolarining saylovlarda keng qamrovli ishtirokini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan choralarini olqishladilar.
Shuningdek, MDH PA doirasidagi parlamentlararo o`zaro hamkorlikning dolzarb masalalari va bo`lajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.






