AsosiySport

O`zbek belbog`li kurashi bo`yicha Evropa chempionati o`tkazildi

'O`zbek belbog`li kurashi bo`yicha Evropa chempionati o`tkazildi'ning rasmi

7-10-oktyabr kunlari Ukrainaning Lvov shahrida tarixda ilk bor belbog`li kurash sporti bo`yicha erkaklar va ayollar o`rtasida Evropa chempionati bo`lib o`tdi.

Musobaqada jami 100 nafarga yaqin polvon -65 kg, +65 kg, -90 kg hamda +90 kg vazn toifalarida g`oliblik uchun bellashdi. Evropa chempionatida hamyurtimiz, xalqaro toifadagi hakam Ne`matulla To`ychiev bosh hakam sifatida faoliyat ko`rsatdi. Yuksak saviyada tashkil etilgan musobaqada hakamlar bellashuvlarni belbog`li kurash sportida qo`llaniladigan sof o`zbekcha atamalar asosida boshqarib borishdi.

Evropa chempionati yakunlariga ko`ra, umumjamoa hisobida faxrli 1-o`rin Polsha terma jamoasiga nasib etdi. Mezbon ukrainalik kurashchilar esa 2-o`ringa loyiq ko`rilgan bo`lsa, litvalik polvonlar umumjamoa hisobida 3-o`rinni band etishdi. Har bir vazn toifasida kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar Jahon belbog`li kurash assosiasiyasi tomonidan medal, diplom va estalik sovg`alari bilan mukofotlanishdi.

Shuningdek, Lvovda Ukraina belbog`li kurashi bo`yicha ham Jahon chempionati bo`lib o`tdi. Unda to`rt nafar sportchimiz munosib ishtirok etdi.

Dunyoning 16 davlatidan 200 nafarga yaqin polvon qatnashgan musobaqaning klassik va erkin yo`nalishlaridagi bellashuvlar hamyurtlarimiz uchun omadli kechdi. Jumladan, +90 kg vazn toifasida o`zbekistonlik Rustam Umarov (Namangan) oltin medalga sazovor bo`ldi.

-90 kg vaznda Muzaffar Soibboev (Namangan), +90 kg vazn toifasida Latifjon Badalov (Namangan) hamda qizlar o`rtasida +65 kg vaznda Sahobat Sheralieva (Farg`ona) bronza medaliga ega chiqishdi.

Ta`kidlash joiz, ushbu chempionat Jahon belbog`li kurash assosiasiyasi ko`magida tashkil etildi. Darvoqe, mazkur tashkilot joriy yilning 27-sentyabr sanasida Litvaning Vilnyus shahrida rasman Evropa Ittifoqidan ro`yxat o`tkazilgan.

Evropa chempionati doirasida Jahon belbog`li kurash assosiasiyasining ta`sis Kongressi ham bo`lib o`tdi. Kongressda Jahon belbog`li kurash assosiasiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga oid axborotlar tinglandi. Bir qator tashkiliy masalalar hamda ijroqo`m a`zolari safini yana-da kengaytirish, chunonchi, Osiyo va Pan-Amerika belbog`li kurash federasiyalarini tuzish xususida ham o`zaro kelishib olindi. Demak, bu jarayon o`z-o`zidan milliy sportimiz – belbog`li kurashning er kurrasi bo`ylab tobora keng ommalashib borayotganidan darak beradi.

Shuni alohida ta`kidlash kerak, Evropa chempionati va Ukraincha belbog`li kurash bo`yicha Jahon chempionati hamyurtlarimiz – Xalqaro belbog`li kurash assosiasiyasi rahbariyatidan Aziz G`aniev, Mo`min Muratov hamda O`zbekiston belbog`li kurash federasiyasi raisi Ravshan Dastirovlar rahbarligida o`tkazildi.

    Boshqa yangiliklar