Internet foydalanuvchilarining shaxsiy ma`lumotlaridan foydalanib, ularning sha`ni va obro`siga putur etkazuvchi «post»lar ko`rinishida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik evaziga pul talab qilish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda IIV Axborot xizmati xabar bermoqda.
"Hozirgi kunda mamlakatda bunday kanallardan bir nechtasi aniqlangan bo`lib, ularning yurituvchilari xorij davlatlaridan turib faoliyat ko`rsatishadi.
Vazirlik tomonidan shu va boshqa turdagi jinoiy faoliyat bilan shug`ullanuvchi barcha kanallar yurituvchilarining elektron manzillari aniqlanib, o`rnatilgan tartibda xorijiy hamkorlarni jalb qilgan holda tergovga qadar tekshiruvlar o`tkazilmoqda. Tekshiruv yakunlari yuzasidan tovlamachilik qilayotgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko`riladi.
Afsuski, mazkur jinoiy kanallarni bloklashning texnik imkoniyatlari mavjud emas. Shuning uchun kanallar nomi oshkor etilmaydi.
Shu o`rinda, fuqarolarga shaxsiy ma`lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga qo`ymaslikni yoki begona guruh va kanallarga tarqatmaslikni, aks holda tovlamachilarning qurboniga aylanishi mumkinligini eslatib o`tamiz", deyiladi xabarda.






