Avvalroq, Prezident raisligidagi aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo`yicha videoselektor yig`ilishi boshlangani haqida xabar bergan edik.
Tadbirda Shavkat Mirziyoev fuqarolarni ish bilan ta`minlashda tashabbuskor hududlar haqida gapirdi.
"O`tgan 6 oyda Xalq qabulxonalariga bandlik va tadbirkorlik masalalari bo`yicha kelib tushgan 100 mingta murojaatni to`liq hokimlik kuchi bilan hal qilish imkoni mavjud.
Misol uchun, Pastdarg`omda tashkil etilgan Mahallabay ishlash markazi 117 ta mahallada xatlov o`tkazib, 4 ming nafar ishsiz bo`lgan fuqarolarni aniqlagan va ularni kasb va tadbirkorlikka o`qitish, biznes loyihalarini tayyorlash, kredit va subsidiya olishga ko`maklashish orqali 3,3 ming nafarini band qilgan. Natijada, bugungi kunda aholi bandligini ta`minlash darajasi Pastdarg`omda 85 foizni tashkil etmoqda.
Yoki, bu borada Andijonda ham o`ziga xos yangi tajriba yaratildi. Jumladan, Andijon viloyatida ikki oy ichida 169 ta mahallada 30 mingta xonadon a`zolarining bandligi ta`minlandi.
Bunday tashabbuslarni har bir viloyat, tuman va shahar hokimi ko`tarib chiqishi, bu orqali xalqni rozi qilishi kerak",–dedi Prezident Shavkat Mirziyoev.






