“O`zbekkino” milliy agentligi binosida O`zbekiston Kino arboblari uyushmasi boshqaruviining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda Agentlik huzurida Jamoatchilik kengashini tuzish masalasi ko`rib chiqildi.
Uchrashuvda “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Kinochilar uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov, taniqli kinoijodkorlar va rejissyorlar ishtirok etdi.
Yangi tashkil etilayotgan Jamoatchilik kengashi shaffoflik va oshkoralik tamoyillariga asoslangan holda Agentlik va uning muassasalari, mansabdor shaxslar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati funksiyalarini amalga oshiradi.
«Jamoatchilik kengashining muhim vazifalaridan biri korrupsiyaga qarshi kurashdir», - dedi «O`zbekkino» Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. - Kengash "O`zbekkino" mansabdor shaxslarining audit tekshiruvlarini tasdiqlash va hisobotlarini eshitish, byudjet mablag`laridan maqsadli foydalanishni nazorat qilish va ularning natijalari bo`yicha takliflar tayyorlash vakolatiga ega bo`ladi. Shu bilan birga, jamoatchilik kengashi kuzatuvchi bo`lib qolmasligi, balki agentlik boshqaruv organlariga O`zbekistonda kinematografiyani rivojlantirish bo`yicha turli taklif va loyihalarni ishlab chiqishda yordam ko`rsatishi muhimdir», - deya ta`kidladi agentlik rahbari.
"O`zbekkino" va Kino arboblari uyushmasi rahbariyati tomonidan mamlakat kinoijodkorlarining umumiy forumini o`tkazishga qaror qilindi: unda jamoatchilik kengashini tasdiqlash va O`zbekistonda kinematografiyani rivojlantirish dasturini muhokama qilish rejalashtirilgan.






