AsosiyJamiyat

"Xodimlarimdan ham kam pensiya olishim adolatdanmi?"

'"Xodimlarimdan  ham  kam  pensiya olishim adolatdanmi?"'ning rasmi

— Kolxozda 41 yil mehnat qildim. 35 yil rahbarlik lavozimlarida ishladim. Sovuqni sovuq, issiqni issiq demay xodimlar bilan barobar ishladim. 214 ming pensiya olardim, 64 mingini ayirib, 150 mingga tushirib qo`yishdi. Kamiga 1 mln. 860 ming qarz ham hisoblab berishdi. “Kadrlar bilan ishlash bo`limi xodimi daromadlaringni oshirib yozgan”, deyishdi. Vaholanki, u xodimning xatosi 1992-1993 yillarni teng 12 oyga bo`lib hisoblagan ekan. 41 yil mehnat qilgan oliy ma`lumotli mutaxassis xodimlaridan ham kam pensiya olishi adolatdanmi?

Cho`li Pardaev, Samarqand viloyati Ishtixon tumani

 

Farrux SULAYMONOV,Pensiya jamg`armasining ijro etuvchi apparatibo`lim boshlig`i o`rinbosari:

Fuqaro Ch.Pardaevga 2003 yilda 40 yil 9 oy ish staji hisobidan muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlangan. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi Ishtixon tuman bo`limida fuqarolarga tayinlangan pensiya (nafaqa)lar tekshirilgan. Fuqaroga tayinlangan pensiyaning to`g`riligi tekshirilganda, 1992-1993 yillar ish haqi kompyuter bazasiga noto`g`ri kiritilgani aniqlangan. Pensiya miqdori ish haqi ma`lumotnomalariga asosan qayta hisoblab chiqilganda, o`tgan davr uchun ortiqcha mablag` sarflangani aniqlangan. O`zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonunning 65-moddasi “b” bandida texnik xato oqibatida pensiya miqdoridan ortiqcha pullar to`langan taqdirda pensiyadan chegirma qilinishi nazarda tutilgan bo`lib, aniqlangan ortiqcha to`lov o`rnatilgan tartibda chegirib qolingan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5245-son Farmoniga asosan 2017 yil 1 dekabrdan pensiyangiz miqdori 580 547,09 so`mni tashkil etadi.

 

Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar