AsosiyJamiyat

Mulkimga taqiq qo`yilishi to`g`rimi?

'Mulkimga taqiq qo`yilishi to`g`rimi?'ning rasmi

— Yunusobod tumanida yashayman. Yakkasaroy tumanida ro`yxatda turuvchi fuqaro bilan ism-familiya, hatto sharifimiz bir xil ekan. U kishining kommunal to`lovlardan qarzlari bor ekan. Mening hamma narsalarimni taqiqqa qo`yib, rosa ovora qilishdi. Mulkimga taqiq quyilishi to`g`rimi?

Rustam Shokirov, Toshkent shahri, Yunusobod tumani

Jasur SIROJEV, Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudi sudyasi:

— Uy-joy kodeksining 133-moddasiga muvofiq, kommunal xizmatlar uchun majburiy to`lovlar sovuq va issiq suv ta`minoti, suvni chiqarib yuborish (kanalizasiya), elektr ta`mi noti, gaz ta`minoti, isitish (issiqlik ta`minoti), qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun to`lanadigan to`lovlardan iboratdir.

Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlari, ijaraga, arendaga oluvchilari o`zlariga ko`rsatiladigan kommunal xizmatlar uchun qonun hujjatlariga va kommunal xizmatlar ko`rsatuvchi korxonalar (ijrochilar) bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq majburiy to`lovlar to`laydi. Mazkur qonun talabidan kelib chiqqan holda, har bir xonadon bo`yicha Kommunal xizmatlardan foydalanish normativlarini aniqlash metodikasidan kelib chiqqan holda kommunal xizmat haqi va qarzdorligi hisoblab chiqariladi. Demak, har bir fuqaroning kommunal xizmatlardan qarzdorligi, uning ism-familiyasiga qarab emas, balki har bir xonadon bo`yicha Kommunal xizmatlardan foydalanish normativlariga qarab aniqlanadi.

Agarda yanglishish tariqasida kommunal qarzdorlik boshqa bir fuqaro nomiga yoziladigan bo`lsa, huquqi buzilgan fuqaro dastlab ushbu kommunal tashkilotga murojaat etishi lozim.

Agarda fuqaro murojaati e`tiborsiz qoldiriladigan bo`lsa, unda o`z huquqini himoya qilish uchun tegishli tartibda sudga da`vo arizasi bilan murojaat etishi va sudda noreal qarzdorlikni bartaraf etish choralarini ko`rishni so`rashi mumkin bo`ladi.

 

Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar