Innovasion rivojlanish vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi va O`zbekiston Kamondan otish bo`yicha federasiyasi tashabbusiga ko`ra 2019 yil 6-8 sentyabr kunlari Xiva shahridagi “Ichan qal`a” majmuasida “Xalqaro kamondan otish va milliy o`yinlar” festivali o`tkaziladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur sport musobaqasini yuqori saviyada tashkil qilish va o`tkazish maqsadida Butunjahon Etnosport Konfederasiyasi (BEK) tajribasiga tayanilmoqda. Shu munosabat bilan joriy yilning iyul oyida Xorazm viloyatiga Turkiyadan BEK rahbari, Kamonchilar fondi vasiylik kengashi raisi, Turkiya yoshlar fondi Oliy maslahat kengashi a`zosi, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`anning o`g`li Bilol Erdo`g`an boshchiligida bir guruh mehmonlar tashrif buyurishgan edi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vaziri o`rinbosari Oybek Norinboev, kamondan otish federasiyasi raisi Otabek Imamov, Butunjaxon etnosport Konfederasiyasi prezidenti Najmiddin Bilol Erdog`an, Turkiya o`qchilar vaqfi rahbari Haydarali Ildiz, shuningdek, mahalliy OAV vakillari ishtirok etgan matbuot-anjumanida axborot berildi.
Festivalda 1000 dan ziyod ishtirokchilar kelishi, ular qatorida Turkiya OAVlarida keng yoritilishi va bir qator mamlakatlarning diplomatik korpus vakillari ham qatnashishi kutilmoqda.
Mazkur festivalning aynan Xorazm viloyatida o`tkazilishi bejiz emas albatta, tarixda qadimgi xorazmliklar kamonsozlik va kamondan o`q otish bo`yicha dunyoga mashhur bo`lgan hamda ular ishlatgan kamonlar juda sifatli va murakkab bo`lgan.
Xorazmning Tuproqqal`a qasrida (III asr) shunday butun holda saqlangan kamon hamda boshqa ko`plab kamon qismlari topilgan. Xorazm kamoni katta bo`lib, tarang tortilganda uzunligi 160 sm.gacha etgan va o`qning uchlari temir yoki misdan bo`lgan.
Ta`kidlash lozimki, Xiva shahridagi “Ichan qal`a” majmuasida “Xalqaro kamondan otish va milliy o`yinlar” festivalining o`tkazilishi yosh sportchilarimiz va boshqa davlatlardan kelgan sportchilar o`rtasida o`zaro tajriba almashish imkonini beradi hamda O`zbekiston Respublikasi sportchilarini 2020 yilda Tokio shahri (Yaponiya)da bo`lib o`tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o`yinlarida yaxshi natijalarni qo`lga kiritgan holda muvaffaqiyatli ishtirok etishlariga xizmat qiladi.






