Bugun, 10 avgust kuni Markaziy harbiy okrugida moddiy-texnik ta`minoti mutaxassislari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilarga bayramona dasturxon yozildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda har yili avgust oyining ikkinchi yakshanba kuni qo`shinning yuragi bo`lgan ta`minotchilar kuni keng tantana bilan nishonlanadi.
Moddiy-texnik ta`minoti qismlari tarkibiga oziq-ovqat, kiyim-kechak, yoqilg`i moylash materiallari va tibbiy ta`minot hamda veterinariya kabi xizmat turlari kiradi.
Harbiy xizmatchilarga zamonaviy va sifatli turar joylar qurilishi borasida ham ushbu kasb egalari jonbozlik ko`rsatib kelmoqda.
Tadbirda Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonining moddiy-texnik ta`minot bo`yicha o`rinbosari polkovnik Sanjar Akbarov va boshqalar so`zga chiqib, nafaqadagi hamda hozirda xizmat faoliyatini olib borayotgan kasbdoshlarini ushbu sana bilan qutladi. Shundan so`ng bir guruh harbiy xizmatchilarga harbiy okrug qo`mondonligi hamda Samarqand viloyati hokimligi tomonidan esdalik sovg`alar, pul mukofoti hamda navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi. Kuy-qo`shiqlar bayramga yanada joziba bag`ishladi.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, 2018/2019 yillar mobaynida mazkur sohada katta o`zgarishlar kuzatildi. Jumladan, oziq-ovqat va ovqatlanish, kiyim-kechak yuvish ishlari autsorsing tizimiga o`tkazilib, askarlarning to`laqonli jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlari bilan shug`ullanish imkoniyati yaratildi.
Yangi namunadagi harbiy libos sinovdan o`tkazilib, tasdiqlandi. Markaziy harbiy okrug qo`mondonligi va viloyat harbiy-ma`muriy sektorlar bilan hamkorlikda Jizzax, Navoiy hamda Samarqanddagi harbiy qismlar va “Forish”, “Kattaqo`rg`on” dala o`quv maydonlarini infratuzilmalarini tubdan yaxshilash maqsadida bunyodkorlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.






