Nuroniy keksalarimiz kattayu-kichik yig`inlarda duoga qo`l ochar ekanlar, eng avvalo, osmonimiz musaffo, yurtda tinchlik-xotirjamlik bo`lishini tilaydilar. Bu oddiy haqiqatga har kuni ro`baro` kelamiz.
Tinchlik-osoyishtalikni saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, mahallalarda ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlashga hissa qo`shish esa davlat va jamoat tashkilotlari bilan bir qatorda, shu hududda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroning, jamiyat har bir a`zosining burchi hisoblanadi.
Ayni paytda, davlat va jamiyat oldida turgan ushbu eng muhim vazifalar ijrosini samarali ta`minlash ko`p jihatdan joylarda aholi bilan samarali muloqotni o`rnatishga, uyma-uy yurish orqali aholi muammolarini o`rganish va bartaraf etishga ham bog`liq.
Mamlakatimiz Rahbari tomonidan mazkur yo`nalishlarda belgilab berilgan vazifalarning dolzarb ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari ayni kunlarda Buxoro va Samarqand viloyatlarida soha xodimlarining malakasini oshirish bo`yicha o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida mahallalarda huquqiy targ`ibot tadbirlariga va ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlarga alohida e`tibor qaratmoqda.
Mazkur tadbirlarda aholining mahalliy ahamiyatga molik dolzarb muammolarini eshitishga hamda ularni hududiy ichki ishlar organlari hamda boshqa mas`ul davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda bartaraf etishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
– Tarbiya oiladan boshlanadi, – deydi Samarqand viloyati Bulung`ur tumani “Beshqo`ton” mahallasi raisi Gulsun Asqarova.
– Mahallamizda 3 mingga yaqin aholi yashaydi, shundan 700 dan ziyodini yoshlar tashkil qiladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida aholi bilan uchrashuvlar o`tkazishga, har bir oilaga kirib, ularning muammolarini o`rganishga doimo e`tibor qaratib kelmoqdamiz. Bugun Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilgan targ`ibot tadbiri ham oilalarni mustahkamlashda, fuqarolarning amalga oshirilayotgan islohotlarga, mahallamizni jinoyatchilikni xoli hududga aylantirishdagi daxldorlik hissini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Institut professor-o`qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar, yakka yolg`iz keksa avlod vakillari hamda ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo`lgan faxriylarning holidan xabar olish an`anaga aylanib bormoqda. Qolaversa, Qurbon hayiti arafasida bu kabi savobli ishlarning ko`lami kengayib bormoqda.
– Turmush o`rtog`im bilan 5 nafar, 4 nafar o`g`il, 1 nafar qiz farzandlarni voyaga etkazib, oilali qildik. 10 yil ilgari turmush o`rtog`imdan ajrab qoldim, kasalligi tufayli 2002 yilda katta o`g`lim,
2015 yilda ikkinchi o`g`lim vafot etdi, farzand dog`ini dushmanimga ham ravo ko`rmayman, uchinchi o`g`lim esa hozir 2-guruh nogironi. Hozir 2 xonali uyda 16 nafar jon yashaymiz, yolg`iz qizim ham nogiron. – deydi Buxoro shahar Jalol Ikromiy nomli mahallada yashovchi, 1953 yilda tug`ilgan Mo`mina Shodieva. – Oilamiz qiynalib qolganida, mahalla faollari, qo`ni-qo`shnilar, saxovatli insonlar yordamini ayamadi, ular uyimning tomini yopib berishdi. Shahar hokimligi ham oilamizni o`rganib, boshlang`ich to`lovini to`lab berib, qizimga shahrimizda qurilayotgan yangi uylardan 2 xonali uy berishdi, o`g`limga esa 2 xonali ijtimoiy uylardan ajratdi. Bunday g`amxo`rlik uchun avvalo Prezidentimizga, Buxoro viloyati hokimligiga rahmatlar aytaman. Uyda o`tirganimda bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari uyimizga kirib kelishdi, ular mening holimni so`rashdi, muammolarim bilan qiziqishdi. Ularga ham yurt tinchligi yo`lida qilayotgan xizmatlariga muvaffaqiyatlar tilayman.
Bulung`ur tumani “Beshqo`ton” mahalla aholisi bilan o`tkazilayotgan uchrashuvdan so`ng, hovliga chiqqan uzoqroqdan mohirlik bilan chalinayotgan doiraning ovozi Institut xodimlarining e`tiborini tortdi.
Mahalla fuqarolar yig`ini raisi Gulsun Asqarova “doira chalayotgan yigit 18-maktabning 8-sinf o`quvchisi Elmurod Qoraboev bo`ladi. Maktabdagi tadbirlar-u, mahalladagi turli davra suhbatlari, kechalar
u siz o`tmaydi.”, – deya mehmonlarni u yashaydigan Hamid Olimjon nomli ko`cha tomon boshladi.
– Turmush o`rtog`im olamdan o`tgach ancha qiynalib qoldim, bir xonali uyda o`g`lim bilan turaman, – deydi Elmurodning onasi Gulnora Qorabekova. – O`g`lim kasalvand, revmatizm bilan og`riydi, topganimni shunga sarflab har olti oyda davolataman. Siz kabi yurt posbonlari vaqt ajratib, xolimizdan xabar olganingiz va mushkullarimizni oson qilishga yordam berayotganlaringiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Ayniqsa, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan berilgan badiiy kitoblar farzandimning kitobxonlik madaniyatini oshirishga, dunyoqarashini kengaytirishga undashiga ishonaman. Chunki u adabiyotga juda qiziqadi, san`atni qadrlaydi.
Shuningdek, Institut xodimlari Buxoro viloyati Jondor tumani “Manqufi” qishlog`ida yashovchi kam ta`minlangan oila Nazifa Solieva, Samarqand shahar “Ahillik” mahallasida yashovchi yakka yolg`iz
Yashno Egamberdieva, Bulung`ur tumani “Beshqo`ton” mahallasida yashovchi kam ta`minlangan Dilfuza Xo`jaahmedovalarning ham xonadonlariga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olishdi.
Zero, ushbu oilalar va fuqarolarning qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolarini echish uchun amaliy ko`mak berish savobli ishdir.
Xalqimizga xos bunday ezgu qadriyatlar va savobli ishlar esa ularni qilgan insonga ruhan engillik baxsh etadi.
Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, mahallalarda targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.
O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati






