AsosiyJamiyat

O`zbekiston harbiy tibbiyotchilari xalqaro musobaqaning ikki tanlovi natijalari bo`yicha birinchilikda ketmoqda

'O`zbekiston harbiy tibbiyotchilari xalqaro musobaqaning ikki tanlovi natijalari bo`yicha birinchilikda ketmoqda'ning rasmi

Xandaqni bosib, labirintni oshib, qiya to`sin qo`yilgan panjaradan sakrab va zirhli texnika ostidan emaklab… V Xalqaro armiya o`yinlari doirasida o`tkazilayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” ishtirokchilari 6—7 avgust kunlari tanlovning ikkinchi shartini — kichik va o`rta tibbiyot personali hamda haydovchilar o`rtasida “Individual mahorat” bosqichi doirasida to`siqli yo`lakdan o`tish kompleks mashqlarini bajardi.

Dala kiyimidagi erkak va ayollar “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovining eng murakkab shartlaridan birida qurolsiz qatnashib, kuch, matonat va shijoatini namoyish etdi.

To`siqli yo`lakning uzunligi 400 metrga teng bo`lib, BTR-80 ostidan emaklab o`tish lozim bo`lgan masofa 15—20 metrni tashkil etadi. Bundan tashqari ishtirokchilarni oldinda boshqa qiyinchiliklar ham kutib turdi, masalan: xandaq, labirint, qiya to`sinli panjara, uchta egilgan joyi hamda vertikal zinapoyali buzilgan ko`prik, og`ma zinapoya, zovur va boshqa to`siqlar.

Ishtirokchilar to`siqlarni bosib o`tish vaqtida Kalashnikov avtomatini yoyib-yig`ishi hamda qurol-yarog` qutisini tashishi lozim edi (erkaklar uchun 20 kg, ayollarga esa — 10 kg).

Ta`kidlash kerakki, har bir ishtirokchiga to`siqlarni bosib o`tish uchun uzog`i bilan uchta imkoniyat beriladi.

Qoidalarga ko`ra, tanlov ishtirokchisi qo`lidan harbiy kiyim-boshga oid biror predmetni tushirib yuborsa ortga qaytishi va tushirib yuborilgan predmetni ko`tarib, shundan so`nggina harakatini davom ettirishi lozim.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, erkaklar o`rtasidagi eng yaxshi natijalarning barchasi O`zbekiston harbiylariga nasib etdi: Xokimbek Madaminjonov (317 ball), Shohrux Ibrohimov (310 ball) va Valijon Begaliev (308 ball).

Ayollar o`rtasida eng yaxshi natijani 281 ball to`plagan O`zbekiston jamoasi vakili Liliya Manasipova ko`rsatdi. Ikkinchi pog`onadan rossiyalik ishtirokchi Viktoriya Basarkina (271 ball) joy oldi. Kuchli uchlikka ham Rossiya vakili — Mariya Nechiporenko (270 ball) yakun yasadi.

Mazkur bellashuvning haydovchilar o`rtasida o`tkazilgan alohida nominasiyada birinchilik O`zbekiston vakili — Xayrullo Olimovga (321 ball) nasib etdi. Ikkinchi o`rinni qozog`istonlik Nurjan Sagindikov (285 ball) egallagan bo`lsa, uchinchi pog`onadan yana o`zbekistonlik harbiy xizmatchi Bahodir Otaxonov (281 ball) o`rin oldi.

Bugun, 8 avgust kuni tanlovning yanada murakkab bosqichi o`tkaziladi, unda shifokorlar tarkibi to`siqlar yo`lagini bosib o`tishi kerak.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

    Boshqa yangiliklar