O`zbekiston Oshpazlar uyushmasida tegishli idoralar hamda OAV vakillari ishtirokida Gastronomik turizm assosiasiyasining ochilishiga ba-ishlangan tadbir bo`lib o`tdi. Unda yangi assosiasiyaning maqsadi, faoliyati va a`zolik shartlari bo`yicha taqdimot tashkil qilindi.
Assosiasiya faoliyatini yo`lga qo`yishdan maqsad gastronomik turizm yo`nalishida turli tadbirlar, jumladan ko`rgazma, festival, forum, seminar, ilmiy anjuman, davra suhbati, tanlov va shu kabi boshqa tadbirlarni tashkil etish, assosiasiya qoshida xalqaro grantlar homiyligida o`zbek milliy kulinariyasi tarixi, buguni va kelajagi bo`yicha gastronomik turizm tarqaqqiyoti uchun xizmat qiluvchi turli loyihalarni amalga oshirishdan iboratdir. Mutasaddilarning ma`lum qilishicha, Assosiasiya O`zbekistonda sayyohlik mavsumini uzaytirish maqsadida har yilning noyabr oyida bo`lib o`tadigan “Lazzatli O`zbekiston” xalqaro milliy taomlar festivaliga mezbonlik qiladi. Festivalga xalqaro turistik agentliklarini muntazam jalb etib boradi va tadbir doirasida O`zbekiston bo`ylab hududiy gastronomik turlarni tashkil etadi.
Shuningdek, Assosiasiyaga a`zo restoranlar va ularning hodimlari orasida “Xorijliklar e`tirofiga sazovor bo`lgan yilning eng yaxshi restorani, “Yil ofisianti”, “Yil restoran menejeri”, “Yil bosh oshpazi” nominasiyalari bo`yicha taqdirlash marosimlari o`tkaziladi.

«O`zbek taomlari xorijiy sayyohlarni jalb qiluvchi asosiy omillardan biridir. Gastronomik assosiasiya faoliyatining yo`lga qo`yilishi O`zbekistonning gastronomik brendlarini yaratish va ommalashtirishni ham ko`zda tutadi», – deydi Assosiasiya raisi Gulnoza Odilova. Uning so`zlariga ko`ra, o`zbek oshxonasi, milliy taomlar taqdimoti va ularning tarixini xorijiy sayyohlarga kompleks tanishtiradigan “O`zbek milliy gastronomiyasi muzeyi” tashkil etiladi. Xalqaro turistik agentliklarni muzey faoliyati bilan yaqindan tanishtiruvchi xalqaro-ilmiy amaliy anjumanlar o`tkaziladi.
Tadbir doirasida Assosiasiya tomonidan yurtimizda faoliyat olib borayotgan restoran, kafe, umumiy ovqatlanish joylari va ularning xodimlariga yaratiladigan qulayliklar haqida ma`lumotlar berildi. Bundan tashqari mahoratli oshpazlar tomonidan milliy taomlarni tayyorlash va ularni did bilan bezatish bo`yicha mahorat darslari bo`lib o`tdi.






