AsosiyJamiyat

Xalq manfaatlariga xizmat qilish – oliy burch

'Xalq manfaatlariga xizmat qilish – oliy burch'ning rasmi

Har bir suveren davlat o`zining betakror tarixi va madaniyatiga egadir. Bu tarix, bu madaniyatning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi esa, haqli ravishda shu mamlakat xalqi hisoblanadi. O`zbekistonimizning ko`p asrlik tarixi, o`z davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan taraqqiyoti bu haqiqatni yaqqol namoyon etadi.

Keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli o`zgarishlar, bunyodkorlik jarayonlarining qudratli va hal qiluvchi kuchi ham hech shubhasiz, ko`pmillatli xalqimiz ekanligi barchaga ma`lum. Shaxsni barkamol etib voyaga etkazishda ham asosiy o`rinni xalq egallaydi.

Demak, har qanday davlat organining, shu jamiyatning to`laqonli a`zosi bo`lgan har qanday insonning ham oliy burchi xalq manfaatlariga xizmat qilish hisoblanadi.

Shu boisdan, so`nggi paytlarda Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan «xalq bilan muloqot qilish», «xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak», «xalqni rozi qilish», «xalq rozi bo`lsa, ishimizda unum va baraka bo`ladi», «xalq bizdan rozi bo`lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo`ladi» degan ezgu tushunchalar davlat organlarining, shu jumladan ichki ishlar idoralari faoliyatining asosiy mezoniga, barcha bo`g`indagi rahbarlarning kundalik ishida asosiy qoidaga aylanib bormoqda.

Xalqparvar ichki ishlar tizimini yaratish yo`lida

O`tgan uch yil mobaynida mamlakatimizda Yurtboshimiz rahbarligida ichki ishlar organlari faoliyati samadorligini oshirish, uni mutlaqo yangi zamonaviy bosqichga ko`tarish, ichki ishlar organlari xodimlarining aholi bilan hamkorligini yanada mustahkamlash hamda ichki ishlar organlarini aholiga o`z vaqtida va sifatli yordam ko`rsatadigan, har bir xodimi tomonidan «Xalq manfaatlariga xizmat qilish»ni o`z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo`naltirilgan professional tuzilmaga aylantirishga qaratilgan keng ko`lamli amaliy ishlar ro`yobga chiqarildi.

Ichki ishlar organlari faoliyatining barcha sohalarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, buning natijasida so`nggi yillarda faoliyat mazmuni butunlay o`zgardi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi.

Ichki ishlar organlari jazolovchi, nazorat qiluvchi organdan xalq, jamiyat, davlat va fuqarolarning huquq, erkinlik hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan, jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda jinoyatchilikka qarshi kurashadigan va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradigan xalqchil organga aylandi.

Aholi bilan doimiy manzilli muloqot o`rnatish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish, ichki ishlar organlari rahbarlarining hokimiyat vakillik organi timsolida xalq oldida, profilaktika inspektorlarining mahalla fuqarolar yig`inlarida hisobot berish tizimi yo`lga qo`yildi.

Albatta, shiddat bilan rivojlanib borayotgan davr talablari ichki ishlar organlari xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirib borish, ularni qabul qilinayotgan qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasini oshirish, ular tomonidan yangi normativ-huquqiy hujjatlarni amalda qo`llash eng muhim vazifalardan hisoblanadi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini tizimli va samarali amalga oshirish – davr talabi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi hamda 2018 yil 23 avgustdagi «Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarorlari ichki ishlar organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Jumladan, Ichki ishlar vazirligi tizimida alohida ixtisoslashgan ta`lim muassasasi – Malaka oshirish instituti va Vazirlikning barcha akademik liseylarida uning filiallari tashkil etildi.

O`tgan qisqa davr mobaynida Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda o`tkazilgan o`quv yig`inlarida 12 mingdan ortiq xodimlar qatnashib, o`z malakasini oshirdi.

Ayni kunlarda Institut tomonidan Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining tashkiliy bo`lim (bo`linma) boshliqlari, jinoyat-qidiruv (katta) tezkor vakillari, tergov tizimi tergovchi va surishtiruvchilari uchun malaka oshirish sayyor o`quv yig`inlari o`tkazilmoqda.

O`quv yig`inlarida Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e`tibor qaratildi.

– Mashg`ulotlar davomida nazariy bilimlarimizni mustahkamlab, amaliyotga uchrayotgan ba`zi muammoli holatlarni bartaraf etish bo`yicha zarur bilim va ko`nikmalarga ega bo`lmoqdamiz, – deydi Samarqand shahar IIB huzuridagi Tergov bo`limi katta surishtiruvchisi, mayor Anjelika Ibadova. – O`quv yig`inlarida nazariy bilimlarimni yanada mustahkamlab, ish jarayoniga hozirgi zamon talablari muvofiq holda yondashib, tergov harakatlarini yanada sifatli o`tkazishga harakat qilaman. Tergovchi xizmat vazifasiga sidqidildan yondoshishi kerak, uning adashishga haqqi yo`q. Chunki jinoyat ko`chasiga kirib qolgan insonlarning qilmishlariga odilona yondashib, oqilona va adolatli xulosa qilishi kerak. Buning uchun yuqori bilim, ko`nikma va tajriba har birimizga as qotadi, deb o`ylayman.

Xalq ichiga kirib borish va aholi bilan muloqot o`rnatishda Institut jamoasining sa`y-harakatlari

Aholining tinch va osoyishta hayotini ta`minlash, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish, xavfsizlikka tahdidlarni «o`ziniki va o`zgalarniki» deb ajratish tuyg`usidan voz kechish, huquqbuzarliklarni sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etish, «Xavfsiz hudud», «Xavfsiz mahalla», «Xavfsiz xonadon» kabi loyihalarni ijtimoiy hayotga tadbiq etish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishda natijadorlikka erishish ko`p jihatdan xalq bilan samarali muloqotni o`rnatishga bog`liq.

Ushbu ustuvor vazifalarning dolzarb ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, Institut professor-o`qituvchilari joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida mahallalarda huquqiy targ`ibot tadbirlarini va ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar o`tkazishga alohida e`tibor qaratmoqda.

Jumladan, so`nggi ikki oy davomida respublikamizning turli hududlarida joylardagi ichki ishlar organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarni faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha kengashlar bilan hamkorlikda qariyb 100 ga yaqin mahallalarda «Mening mahallamda jinoyat sodir bo`lmasligi kerak», «Mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish – tinchlik va osoyishtalikni ta`minlashning muhim sharti», «Jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz», «Osoyishtalik uchun barchamiz mas`ulmiz», «Mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda jamoatchilikning roli», «Oilalar tinchligi – barqarorlik omili» kabi mavzularda targ`ibot tadbirlari o`tkazildi.

Mazkur tadbirlarda aholining mahalliy ahamiyatga molik dolzarb muammolarini eshitishga hamda ularni hududiy ichki ishlar organlari hamda boshqa mas`ul davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda bartaraf etishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Ayni kunlarda ushbu ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar Institut jamoasi tomonidan Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi mahallalarda ham o`tkazilmoqda.

– Mahallalarimizda tinchlik-osoyishtalikni ta`minlash faqat ichki ishlar organlariga yuklatilgan vazifa deb emas, bunga barchamiz birdek mas`ul bo`lishimiz kerak, – deydi Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Kogon shahar raisi o`rinbosari Hamro Qurbonov. – Bugungi ma`naviy-ma`rifiy tadbirda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan tinchlikning qadriga etish, uni saqlab qolish uchun qanday ishlarni amalga oshirish kerakligi, mahallada yashovchi har bir fuqaro bunga mas`ul ekanligini, hamjihatlikda amalga oshirish kerak bo`lgan tadbirlar yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi, ularga mahalla faollari nomidan minnatdorchilik bildiraman.

– Mahallamizda 5 mingga yaqin aholi ahil yashashadi, – deydi Samarqand viloyati Jomboy tumani “Nayman” mahallasi raisi Nazira Mardonqulova. – Mahalladagi ko`ngilsizliklarni oldini olishda jamoatchilik o`z ta`sirini ko`rsatib boradi. Bugun IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari mahallamizga kelib, tinchlikning qadriga etish, oilalar va mahalla osoyishtaligi yurt tinchligini ta`minlovchi mezonlar ekanligini misollar bilan tushuntirish berishdi.

Kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan
xabar olish ham qarz, ham farzdir

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar, yakka yolg`iz keksa avlod vakillari hamda ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo`lgan faxriylarning holidan xabar olish an`anaga aylanib bormoqda.

Zero, ushbu oilalar va fuqarolarning holidan xabar olish, ular bilan hamsuhbat bo`lish, qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolarini echish uchun amaliy ko`mak berish savobli ishdir.

Xalqimizga xos bunday ezgu qadriyatlar va savobli ishlarni qilgan insonga esa ruhan engillik baxsh etadi.

– Men 1946 yilda Qozog`iston Respublikasi Toldiqo`rg`on viloyatida tug`ilganman, – deydi Kogon shahar “Arabxona” mahallasida yashovchi, 2-guruh nogironi Alla An. – 14 yoshimda O`zbekistonga ota-onam bilan ko`chib keldim, turmushga chiqdim, 3 nafar qiz farzandli bo`ldim, turmush o`rtog`im erta vafot etdi, uzoq yillar Kogon tumani telegrafida ishlab, yolg`iz o`zim uch nafar qizni o`qitib, voyaga etkazdim. Katta qizim bolalikdan ruhiy xasta, ikkinchi qizim turmushga chiqmagan, hozirgi kunda Rossiya davlatida ishlaydi, uchinchi qizim turmush o`rtog`i bilan ajrashib, 4 nafar farzandi bilan ko`chib kelib men bilan birga yashayotgan edi, kuni kecha shahar hokimligi unga Kogon shahridan ijtimoiy uydan bir xona ajratdi. Bunday g`amxo`rlik qaysi yurtda bor, avvalo Prezidentimizga rahmat aytaman, shunchalik men singari qiynalgan, nogironlarga katta e`tibor qaratmoqda.

Men O`zbekistonni juda sevaman, chunki, xalqi mehnatkash, mehmondo`st. Mahallamizga xizmat ko`rsatuvchi profilaktika inspektori kapitan Shuhrat Cho`llievni mahalla ahli juda hurmat qiladi, chunki u doimo xalqning ichida, qo`lidan kelgunicha xalqdan yordamini ayamaydi, u har kuni bizning oiladan xabar oladi, shuning uchun men uni o`z o`g`limday yaxshi ko`raman. Mana bugun bir qator ichki ishlar organlari xodimlari uyimga tashrif buyurishdi, keyin bilsam, ular poytaxtimizdan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari ekan, ular men bilan suhbat qurib, hol-ahvol so`rashib, muammolarim bilan qiziqishdi, kayfiyatimni ko`tarishdi, men bundan juda xursand bo`ldim, ularga yurtimiz tinchligini saqlashdek sharafli vazifa yuklatilgan, uni bajarishda, ulkan zafarlar tilayman.

Ikki qo`ltiq tayoqqa suyanib, bazo`r qo`shnisinikidan chiqib kelayotgan, Jomboy tumani “Nayman” mahallasida yashovchi, 79 yoshli onaxon Norbi To`raqulova, eshigi oldida turgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlarini ko`rib, hayratini yashira olmadi... IIV Malaka oshirish instituti katta o`qituvchisi, podpolkovnik Abdulla Badalxo`jaevning “Sizni ko`rgani keldik”, degan so`zidan onaxonning ko`zlariga yosh keldi.
– Qarilik qursin bolalarim. Buning ustiga kasalvand bo`lib qoldim. Siz kabi Vatan himoyachilari, tinchligimiz va osoyishta hayotimizni ta`minlovchi vatanparvar insonlar vaqt topib kelganingiz uchun minnatdorman. Sizdek xalqparvar insonlarning amalga oshirayotgan ishlari albatta yoshlarga o`rnak bo`ladi. Atrofingizga qarang mahallamiz bolalari hayron bo`lib qarab turishibdi. Ular esa siz kabi samimiy insonlardan o`rnak oladi. Buning uchun Yurtboshimizga, Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga rahmat aytaman. Zero, keksalari e`zozlangan yurtning kelajagi buyuk bo`ladi.

Eng muhimi, Institut professor-o`qituvchilari ushbu oliyjanob ishlarga ichki ishlar organlari tizimida faoliyat ko`rsatayotgan har bir xodimning hissa qo`shishi kelajakda sohani xalqparvar tizimga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etishi joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlarida ham tushuntirib bermoqdalar.

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, mahallalarda targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar