Joriy yilning 6 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasida Mamlakatda meva-sabzavot etishtirish bo`yicha klaster tizimiga o`tishning samaradorligi va istiqboldagi vazifalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev ma`ruza qildi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xo`jaligi sohasida klaster tizimiga o`tish, ular faoliyatini rivojlantirishga jiddiy e`tibor qaratib kelinmoqda. Hozirda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida respublika bo`yicha meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan jami 47 ta klaster tashkil etilib, ularga 13,5 ming gektar er maydoni ajratib berilgan. Klasterlar ixtiyorida 15,9 ming tonna sig`imidagi muzlatkich omborxonalar, 7810 tonna saralash, 800 tonna kalibrlash, 4 ta zamonaviy laboratoriya, 119,8 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, 23201 tonna meva-sabzavotni saralab-qadoqlash sexlari mavjud bo`lib, 1046 doimiy, 1085 ta mavsumiy ish o`rinlari tashkil etilgan. Klasterlar tomonidan joriy yilda 127 mln. 262 ming AQSh dollar miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish belgilangan bo`lib, shundan 1 avgustga qadar 7 mln. 293 ming AQSh dollarlik eksport ishlari amalga oshirilgan.
Vazir Jamshid Xodjaev qayd etganidek, hozirgi kunda vazirlik tomonidan “Organik qishloq xo`jaligi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, bu sohada amaldagi prosessual mexanizmlarni isloh qilish imkoniyatlari tahlil qilinmoqda. Vazirlik tomonidan O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2019-2030 yillarga mo`ljallangan strategiyasi ishlab chiqilib, vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda. Strategiya ijrosini ta`minlash yuzasidan ishlab chiqilgan “Yo`l xaritasi” loyihasida belgilab olingan 9 ta ustivor yo`nalishlar bo`yicha 30 dan ortiq normativ huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi nazarda tutilgan. Jumladan, minimal ekologik standart va talablarni joriy etish bo`yicha Qishloq xo`jaligi va ekologik amaliyotini to`g`ri yuritish tizimini (GAEP) ishlab chiqish, qishloq xo`jaligi uchun mo`ljallangan er maydonlarini ajratish mexanizmini soddalashtirish, erga bo`lgan ijara huquqini himoyalash va uni garov sifatida foydalanish tartibini takomillashtirish, ikkilamchi ijara mexanizmini joriy etish, davlat xaridi uchun mahsulot etishtirishni moliyalashtirish tartibini takomillashtirish va narx belgilash tizimida bozor mexanizmlarini joriy etish, oziq-oqvqat mahsulotlari bozorida davlat intervensiyalarini qo`llash va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan huquqiy bazani yaratish belgilangan.

Axborotda ta`kidlanganidek, Qishloq xo`jaligi vazirligi «O`zstandart» agentligi bilan hamkorlikda agrologistika komplekslari va markazlarida xalqaro savdo operatorlari tomonidan xalqaro standartlar talablariga javob beruvchi qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda kompleks xizmat ko`rsatish maqsadida «Global GAP», «Organic», «Halal», «HACCP», «ISO 22000» xalqaro standartlar talablarini kooperasiya ishtirokchilari, dehqon va fermer xo`jaliklari hamda agroklasterlarda joriy qilish bo`yicha muayyan amaliy ishlarni olib bordi. Bundan tashqari, klasterlar tomonidan zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga ham alohida e`tibor qaratilib, Andijon, Namangan, Navoiy, Samarqand Surxondaryo viloyatlaridagi bir qator fermer xo`jaliklarida tomchilatib sug`orish orqali meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish yo`lga qo`yilishi natijasida o`simlikning o`sishi uchun etarli miqdordagi suv bir me`yorda etkazilishiga, mehnat sarfi uch martagacha, mineral o`g`itlar 40 foizgacha tejalishiga, hosildorlik 70 sentnergacha oshishiga erishilmoqda.

«Hukumat soati»da deputatlarning ixtisoslashgan klasterlarda meva-sabzavotlarni xalqaro standartlar talablarida etishtirish, ularga kafolatli talabgor buyurtmachilar ro`yxatini shakllantirish, daladan to`g`ridan-to`g`ri iste`molchiga etkazib berish, qayta ishlash, qadoqlash va eksport masalalari hamda transport-logistika tizimini yo`lga qo`yish bilan bog`liq bir qator savollariga aniq javob qaytarildi.
Tadbir yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo`mitalariga sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qo`llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etildi. Shu bilan birga, mazkur yo`nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta`minlashga kelishib olindi.






