5 avgust kuni Hindistonning Tar cho`lida joylashgan Djaysalmir poligonida Xalqaro armiya o`yinlarining “Qo`shinlar razvedkasi a`lochilari” musobaqasi 1-bosqichiga qur`a tashlandi.
Qur`a tashlash natijasiga ko`ra, O`zbekiston razvedkachilari jamoasi mazkur bosqichni birinchi bo`lib boshlab berdi.
Shu kunning o`zida “Qo`shinlar razvedkasi a`lochilari” tanlovining ochilish marosimi ham bo`lib o`tdi. Unda Hindiston mudofaa vaziri o`rinbosari general-leytenant D.Axudja va Rossiya mudofaa vaziri o`rinbosari general-leytenant Yunus-Bek Evkurov ishtirok etdi. Marosim davomida ishtirokchilarga O`zbekiston madaniyati ko`rgazmasi ham namoyish etildi. Djaysalmirning “Xalqlar do`stligi” uyida tashkil etilgan ushbu ko`rgazma mezbon yurt xalqi va ishtirokchi davlatlar harbiy xizmatchilarida katta qiziqish uyg`otdi.
6 avgust kuni razvedkachilarimiz 1-shart mashqiga ko`ra shartli dushman tomonga o`tishidan boshlangani sababli barcha vazifalar tunda bajarildi.
Birinchi bo`lib razvedchiklar belgilangan talablarni bajarib, harbiy vertolyotga chiqish amallarini o`tkazdi. Vertolyot razvedchiklarni shartli dushman tomonga olib o`tib qo`yganidan so`ng undan sakrab tushish amallari o`tkazildi.
Eslatib o`tamiz, mazkur yo`nalishda bu yil Hindiston, Rossiya, Xitoy, Armaniston, Qozog`iston, O`zbekiston va Belarussiyadan kelgan razvedka jamoalari ishtirok etmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






