Inson xayollari shu qadar cheksiz, shu qadar shoshqinki, uning tizgini qo`ldan chiqsa, butun bir umr sarobga engilishi hech gap emas. Xayollarga qo`yib bersak, nimalarni bajarib tashlamaydi. Ammo, u o`z nomi bilan xayol. Ba`zilari ro`yobga oshsa, ba`zilari puchga chiqadi. Doim ham xayollarga ergashaverish yaxshilik keltirmaydi. Chunki, nafs botqog`iga botiruvchi hayollar ham serobgina. Ayni shu kabi hayollar bugungi kunda global muammolardan sanalgan odam savdosidek illatni yuzaga keltirmoqda. Bu esa inson taqdirini tubdan o`zgartirib, hayotini ostin-ustun qilib tashlashgacha etib boradi. Xo`sh, bugungi kunda qancha odam o`z hunarining daromadidan qoniqmay, mo`maygina daromad ilinjida chet elga ishlagani ketmoqda? Hozirda dunyo bo`yicha xalqaro terrorizm, narkotrafik jinoyatlaridan keyingi o`rinda turuvchi odam savdosi jinoyatidan jabrlanayotganlar kimlar? Ona Vatanning o`zida tirikchilik qilish imkoniyati bo`la turib, ba`zi yurtdoshlarimizning xorijga olib ketib sotilishi, xo`rlanishi, qullikka yollanishi, foxishalikka majburlanishi kabi jinoyatlar qurboniga aylanishi ularning ishonuvchanligi, tez vaqt ichida moddiy muammolarni hal etish ilinji, engil ish va oson pul topish orzusi hamda huquqiy bilimlarga ega emasligidanmasmi?!
Dunyo bo`yicha yiliga 3 millionkishiodam savdosidan jabr ko`rmoqda...
Hozirda 2 million 600 mingga yaqin fuqarolarimiz chet elda mehnat qilmoqda. Shundan 83 foizi, ya`ni 2 milliondan ortiq fuqarolar Rossiyaga to`g`ri keladi. Odam savdosi jinoyatiga uchraganlarning 71 foizini ayollar, har uchinchisini bolalar tashkil etadi. 2017 yilda yurtimizda 305 ta odam savdosi bilan bog`liq jinoyatlar sodir etilgan. 2018 yilda bu boradagi profilaktika ishlari natijasida ko`rsatkichlar kamaygan, ya`ni 128 ta jinoyatlar sodir etilgan. Qiziq tomoni, o`zbekistonliklar bilan bog`liq 128 ta odam savdosi jinoyatining 80 foizi xorijda sodir etilgan, 20 foizi esa yurtimizda. 2019 yil boshidan hozirga qadar O`zbekistonda o`z farzandini sotgan ayollar jinoyati bilan bog`liq 23 ta holat kuzatilgan.
2019 yil davomida 43 nafar odam savdosi qurboni bo`lgan yoshlarning pasportlari olib berilib, 18 nafar yoshlarning Vatanga qaytishlariga ko`maklashildi...
Yurtimizda odam savdosini oldini olish bo`yicha ko`plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yoshlar ittifoqi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda joriy yilning 6 oylik holatiga ko`ra 8 ming 130 ta targ`ibot tadbirlari tashkil etilgan bo`lib, unda 850 mingdan ziyod yoshlar qatnashgan. 10 mingdan ortiq targ`ibot materiallari tarqatilgan.
Shuningdek, aeroport, vokzal va chegara hududlarida odam savdosining salbiy oqibatlarini yoshlarga tushuntirish, chetga chiqib ketayotgan fuqarolarga huquqiy maslahatlar berish maqsadida 185 marta hamkorlar bilan targ`ibot tushuntirish ishlari olib borilib, tadbirlar davomida chetga ketayotgan 12 ming 300 nafar yoshlarga mutaxassislar tomonidan birlamchi huquqiy maslahatlar berildi.
Bundan tashqari, O`zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida chet eldagi yoshlar bilan ishlash, ularning huquqlarini himoya qilish bo`yicha tashkil etilgan O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi ham bu borada tegishli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, joriy yil davomida 43 nafar odam savdosi qurboni bo`lgan yoshlarning pasportlari olib berildi. 18 nafar yoshlarning O`zbekistonga qaytishlariga ko`maklashildi. 8 nafar yoshlarning chet ellardagi yolg`on va`dalar berilib, chaqirib olinayotganligi to`g`risida ma`lumotlar olindi va ularning chetga chiqib, odam savdosi qurboni bo`lishi mumkinligi ogohlantirilib, xorijga chiqib ketishlarining oldi olindi. Qolaversa, bugunga kelib bolalar mehnatiga butunlay barham berildi.
Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga qarshi kurashish bo`yicha Milliy komissiya, IIV huzurida Odam savdosiga qarshi kurashish bo`yicha kichik komissiya, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Majburiy mehnatga qarshi kurashish bo`yicha kichik komissiya tashkil etildi...
Odam savdosi qurbonlarini aniqlash, himoya qilish va ijtimoiy reabilitasiya qilish, ularga tibbiy, psixologik va boshqa yordam ko`rsatish, odam savdosiga aloqador shaxslarni tergov qilish va javobgarlikka tortish, shuningdek, bunday jinoyatlarni sodir etishga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo`yicha amaliy harakatlarning samarasi ko`rsatkichlarda ham sezilmoqda. Biroq, mazkur masalada hamkor tashkilotlar bir bo`lib, maqsadli tadbirlar o`tkazmayotganligi, har bir tashkilot o`zicha yondashayotganligi sababli ko`zlangan maqsadga erishish qiyinlashmoqda. Ommaviy axborot vositalari orqali odam savdosining salbiy oqibatlari chuqur tushuntirilmayoganligi, bu boradagi hujjatli filmlarning ko`p ko`rsatilmayotganligi ham yoshlarning bu tushunchani jiddiy anglab etmayotligiga sabab bo`lmoqda.
Aynan shuning uchun, Prezidentimiz farmonlariga muvofiq, Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga qarshi kurashish bo`yicha Milliy komissiya, IIV huzurida Odam savdosiga qarshi kurashish bo`yicha kichik komissiya, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Majburiy mehnatga qarshi kurashish bo`yicha kichik komissiya tashkil etildi va bu o`z natijasini beradi, degan umiddamiz.
Inson hayoti savdo-sotiq qilishga, baholanishga tengmi...?
Odam savdosi changaliga tushganlar bilan suhbatlashganmisiz? Gaplarining mag`zini chaqsangiz, ularning ko`pchiligi o`zining o`zga yurtda ko`rgan kechirganlarini hech bandaning boshiga tushmasligini, har kim o`z yurtidagi nasibasiga shukronalik qilib yashashi ma`qulligini, mehnatdan, harakatdan qochmaganning yo`li maqsadga bir qadam ekanligini ta`kidlaydi.
Azizlar! Dunyo-dunyo bo`libdiki, hali hech kimsa vatandan ayro ketib tole` topmagan.Hattoki, buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur ham Hindistonda shoh bo`lsa-da, Vatan sog`inchi bilan yashab o`tgan. Umrining so`ngi lahzalarida ham Andijonning bir tilim qovunini ko`z oldidan o`tkazib, baytlar ham bitgan edi. Axir bejiz aytishmaydi: “O`zga yurtda shoh bo`lguncha, o`z yurtingda gado bo`l” – deb. Yurtimiz iqlimini, toza havosini, turli xil noz-ne`matlari, milliy taomlari, ming yillik urf-odatlarimizu qadriyatlarimiz, boringki, yaqin insonlarimiz bilan o`rtamizdagi mehr-oqibatimizni qandaydir qiymatga, moddiy boylikka, buyumga, pulga almashib bo`ladimi…?! Aslo, yo`q! Umrnichi...?! Inson hayoti savdo-sotiq qilishga, baholanishga tengmi?! Hamyurtining hayotini, umrini savdo qilib, pullagan vatanfurushlarning kosasi oqararmidi?! Ushbu maqolamiz kimnidir hayot yo`lida adashishdan, aldanishdan, armonlardan asrab qolsa, biz murod-u maqsadimizga etgaymiz.
Shahnoza Nurullaeva






