Mamlakatimiz aholisiga qulayliklar yaratish, yo`lovchilarni o`z vaqtida manzillariga xavfsiz etkazib qo`yishni tashkil etish hamda avtotransport xizmatlari sifatini yangi bosqichga ko`tarish borasida O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda nafaqat viloyat markazlari va yirik shaharlar balki yo`lovchi oqimi katta bo`lgan tuman va qishloqlarni poytaxt Toshkent bilan bog`lovchi yo`nalishlarda ham qatnovlar tashkil etilmoqda.
Avgust oyining boshidan “Uzautotrans service” MChJ "Toshkent-Chiroqchi" yo`nalishida muntazam avtobus qatnovlarini yo`lga qo`ydi. Avtobuslar Toshkent avtovokzalidan soat 12:30 va 14:00 da Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani tomon yo`lga chiqadi. Mazkur yo`nalish masofasi 480,8 km teng. Ushbu yo`nalishda barcha qulayliklarga ega bo`lgan zamonaviy YUTONG avtobuslari yo`lovchilarga xizmat ko`rsatadi. Chipta narxi esa 48 000 so`m etib belgilangan. Chiroqchidan avtobuslar soat 07:20 va 08:30 da Toshkent tomon harakatlanishni boshlaydi.
Eslatib o`tamiz, hozirda “Uzautotrans service” MChJ "Toshkent- Qarshi" yo`nalishida ham muntazam qatnovlarni amalga oshirib kelmoqda. Ushbu yo`nalishda avtobuslar har kuni soat 07:50, 12:30, 15:30 va 14:00 da Toshkent avtovokzalidan Qarshi shahri tomon harakatlanishni boshlaydi.






