AsosiyJamiyat

Sayyohlardan tegishli dress-kodga amal qilish zarurligi so`ralmoqda

'Sayyohlardan tegishli dress-kodga amal qilish zarurligi so`ralmoqda 'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasiga Rus Pravoslav cherkovi Toshkent va O`zbekiston Eparxiyasining murojaati kelib tushdi. Unda sayyohlar tomonidan Avliyo-Uspensk kafedral cherkoviga ekskursiya jarayonida kiyinish va odob-ahloq qoidalariga rioya qilinmayotgani ko`rsatib o`tilgan. Shu sababdan, turistik tashkilotlardan cherkovga ekskursiyani Eparxiyaning Madaniyat va sport ishlari bo`limi bilan avvaldan kelishib olgan holda rejalashtirishi hamda sayyohlarning tegishli dress-kodga amal qilishlari zarurligi so`ralgan.

Shuningdek, Qo`mitaga xorijlik sayyohlar tashrif buyurayotgan masjidlar va muqaddas qadamjolar ma`muriyati va jamoatchilik tomonidan ham xuddi shu mazmundagi murojaatlar kelib tushmoqda. Ziyorat turizmi O`zbekistonda turizmning istiqbolli turlari qatoriga kiradi, zero mamlakatimiz bo`ylab amalga oshiriladigan sayohat yo`nalishlarida diniy maskanlar talaygina. Yildan-yilga mamlakatimizga sayyohlar sonini ortib borayotgani hamda kuzgi sayyohlik mavsumining boshlanayotganini inobatga olgan holda, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilgan sayohatlarni yanada sifatli va tartibli amalga oshirilishini ta`minlash maqsadida turistik tashkilotlardan bu kabi holatlarga alohida e`tibor qaratishni so`raydi.

Sir emaski, O`zbekiston hududi ming yillardan beri turli madaniyatlar, sivilizasiyalar va dinlar chorrahasi bo`lib kelgan. Mamlakatimizda masjidlar, madrasalar va muqaddas qadamjolar bilan bir qatorda yahudiylik, nasroniylik va boshqa din vakillarining ibodatxonalari ham mavjud. Bugungi kunda mamlakatimizda sayyohlarning mazkur ob`ektlarni ziyorat qilishi, ularning tarixi va me`morchiligi bilan tanishishi uchun turli qulayliklar yaratilib kelinmoqda. Ayni vaqtda, mazkur ob`ektlarning diniy muassasa ekanligi, masjid, cherkov va sinagog kabi binolarda diniy ibodatlarning amalga oshirilishini inobatga olgan holda, sayyohlar tomonidan ushbu ob`ektlarni ziyorat qilishda tegishli odob-axloq va ziyorat qoidalariga amal qilishi talab etiladi. Jumladan, diniy maskanlarga kirishda ma`lum dress-kod qoidalariga amal qilish yoki faqat muayyan vaqtlardagina (ibodat amallariga xalal bermagan holda) ziyoratni amalga oshirishi belgilangan bo`lishi mumkin. Har bir ob`ektni ziyorat qilish odobi va ziyorat qoidalari mazkur ob`ekt ma`muriyati va mutasaddi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar