AsosiyJamiyat

Buyuk Ipak yo`li kesimida: Qozog`iston-O`zbekiston qo`shma turlarini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi

'Buyuk Ipak yo`li kesimida: Qozog`iston-O`zbekiston qo`shma turlarini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi'ning rasmi

O`zbekistonning Qozog`istondagi elchixonasi, Qozog`istonning Turkiston viloyati hokimiyati O`zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi ko`magida 5 avgust kuni Toshkent shahrida Qozog`iston Respublikasida O`zbekiston yili doirasida Road Show o`tkazdi. Tadbir «Qozog`iston-O`zbekiston Road Show: buyuk dasht -an`anaviy mehmondo`stlik» mavzusida bo`lib o`tdi. Tadbirda Turkiston va Toshkent viloyatlarining turistik imkoniyatlari va jozibadorligini oshirishga oid taqdimotlar o`tkazildi.

Shuningdek, Buyuk Ipak yo`li kesimida Qozog`iston-O`zbekicton qo`shma turlarini rivojlantirish, Turkiston, Samarqand, Buxoro shaharlarini bir yo`nalishga bog`lovchi turizm klasterini tashkil etishga doir masalalar muhokama qilindi. «Ushbu tadbirdan maqsadO`zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlarni Turkistondagi, Turkistonga borayotgan turistlarni O`zbekistondagi turizm ob`ektlariga yo`naltirishni hamkorlikda tashkil qilishdan iboratdir. Tadbir mehmonlari mamlakatlar o`rtasida sayyohlik oqimini ko`paytirishga ko`maklashadi. Bundan tashqari, O`zbekiston va Qozog`iston Respublikalari sayyohlik sohasi vakillarini sayyohlik xizmatlari sohasida hamkorlik qilish va tajriba almashish uchun to`g`ridan-to`g`ri muloqot va yangi biznes aloqalarni o`rnatish imkoniyatini beradi.Toshkent viloyati va Qozog`istonning Turkiston viloyati o`rtasidagi turizm aloqalarini yaxshilash orqali mamlakatlarimiz o`rtasidagi turizm aloqalarini yanada mustahkamlashga umid qilamiz», - dedi Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Ismat Nusurov.

Sayram-Ugam milliy parkidagi Ekokemp vakili Altinay Kapalbaevaning so`zlariga ko`ra, ikki viloyatga sayohatni yo`lga qo`yishda viza bilan bog`liq muammolarning optimal echimini topish kerak. «Masalan, yaqinda biz Hindistondan mehmonlarni taklif etmoqchimiz – ularga 5 kun O`zbekistonga, 5 kun Qozog`istonga sayohat qilishni taklif qilmoqchimiz. Bir kempingning o`zida 10 kun qolish zerikarli bo`lishi mumkin, lekin ikki mamlakatga sayohat tashkil qilinsa, qiziqarliroq bo`ladi. Viza bilan bog`liq muammolar yuzaga kelishi mumkin, albatta, chunki hindlarning Qozog`istonga viza olish jarayoni qiyinroq, O`zbekistonda esa bu bilan bog`liq muammolar yo`q, sizlarda hatto tranzit vizani olish ham qiyinchilik tug`dirmaydi. Shu bois bir tashrifning o`zida ikki mamlakatga sayohat qilish imkonini beruvchi yagona viza olish imkoni bo`lsa, maqsadga muvofiq bo`lar edi», - deydi u. Shuningdek, B2B tadbiri doirasida turizm sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari, Ipak yo`lida turizm mahsulotlarini ishlab chiqish va ilgari surish bo`yicha o`zaro hamkorlikning samarali mexanizmini shakllantirish yuzasidan fikr almashildi.

Bundan tashqari, qozog`istonlik mehmon dunyoning yarmini kezib chiqqani va O`zbekistondagi ozodalikdan yoqimli hayratga tushganini ta`kidladi. «O`zbekistonda hamma joy ozoda, sayyohlar uchun qulay va asosiysi, xavfsiz. Aslida sayyoh uchun xavfsizlik darajasi juda muhim. Shunday ekan, sayyohlarga ham O`zbekistonni, ham Turkiston viloyatini ko`rish juda ajoyib tajriba bo`lar edi», - deydi Kapalbaeva.

Tadbir doirasida ma`lum qilinishicha, yaqin kunlarda xuddi shunday roud-shoular Buxoro va Samarqand viloyatlarida ham bo`lib o`tishi ko`zda tutilgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar