AsosiyJamiyat

Prezidentlar O`zbekiston mahsulotlari ko`rgazmasiga tashrif buyurdi

'Prezidentlar O`zbekiston mahsulotlari ko`rgazmasiga tashrif buyurdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko hamrohligida Minskda tashkil etilgan O`zbekiston milliy sanoat ko`rgazmasiga tashrif buyurdi.

Mamlakatimizning keng turdagi mahsulot va xizmatlari uchun «BelEkspo» milliy ko`rgazmalar markazida alohida majmua ajratilgan.

Maydoni 3 ming kvadrat metr bo`lgan usti yopiq manejda 25 ta eksklyuziv stendlar qurilib, “O`zeltexsanoat”, “O`zto`qimachiliksanoat”, “O`zcharmsanoat”, “O`zbekoziqovqatxolding”, “O`zkimyosanoat”, “O`zbekneftgaz”, “O`zsanoatqurilishmateriallari”, “O`ztreyd”, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari kabi etakchi kompaniya va uyushmalar, Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentliklari mahsulotlari ko`rgazmaga qo`yilgan. 500 kvadrat metr ochiq maydonda esa avtomobillar, qishloq xo`jaligi texnikalari, yuk mashinalari, avtobuslar va boshqa tovarlar namoyish etilmoqda.

Ko`rgazmada o`nta viloyatimizdan yuzdan ziyod korxona va tadbirkorlik sub`ektlari o`z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Yurtimizning turizm salohiyati targ`ibotiga ham alohida e`tibor qaratilgan.

29 iyul kuni ochilgan ushbu ko`rgazmaga Belarusning barcha hududlaridan ishbilarmon doiralar, savdo va sanoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari kelmoqda.

Aleksandr Lukashenkoga mamlakatimiz kompaniyalarining quvvati va salohiyati, mahsulotlarning sifati haqida so`zlab berildi.

Davlatimiz rahbari O`zbekiston kompaniya va agentliklarining mutasaddilariga Belarusdagi manfaatdor korxonalar bilan kooperasion aloqalarni o`rnatish, qo`shma savdo va investisiya loyihalarini amalga oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.


    Boshqa yangiliklar