Toshkent shahar Xotin-qizlar qo`mitasi hamda Toshkent shahar IIBB hamkorlikda jinoyatga moyil ayollarning 23 ta kategoriyasi tuzib chiqilgan. Bu haqda "Novosti Uzbekistana" nashri xabar bergan. Unga ko`ra, endilikda mahallalardagi profilaktika inspektorlari mana shu 23 ta kategoriyaga tushadigan ayollarni kartotekaga tushirib chiqadi. Bu rezolyusiyani Toshkent shahar hokimi tasdiqlagan.
23 talik ro`yxatda quyidagi ayollar ham jinoyat sodir etishga moyil deb topilibdi:
1. Toshkentda vaqtincha yashovchilar;
2. Ro`yxatdan o`tmay yashovchi ayollar;
3. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar;
4. Balog`atga etmagan (18 yoshgacha) va yosh (18-30 yosh) qizlar;
5. Ishsiz ayollar;
6. Kam ta`minlanganlar;
7. Nogiron, ajrashgan, farzandini yolg`iz katta qilayotgan, boquvchisini yo`qotgan ayollar;
8. Notinch oilalardagi ayollar;
9. Uzoq vaqtdan so`ng vatanga qaytganlar;
10. Uyida uzoq vaqt bo`lmaganlar;
11. Tilanchi ayollar.
Ushbu xabar ko`pchilik internet foydalanuvchilarining, blogerlarning keskin tanqidiga sabab bo`ldi. Jumladan, bloger Xushnud Xudoyberdievning yozishicha, O`zbekiston BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to`g`risidagi konvensiyaga a`zo bo`lgan. Yuqoridagi ro`yxat esa o`sha konvensiya talablariga mutlaqo zid. Chunki shu ro`yxatning o`zi ayollarni kamsitish degani.
"O`zbekistondagi millionlab ayollarni qo`ya turaylik, oddiygina misol, ko`plab yuqori lavozimdagi amaldorlarning turmush o`rtoqlari hech qaerda ishlamaydi, uy bekasi. Profilaktika inspektorlari ularni ham jinoyatga moyil sifatida ro`yxatga olarmikin?", deya savol tashlaydi bloger.






