AsosiyJamiyat

«Avtotest» yuridik shaxslar haydovchilarini tayyorlash faoliyatini to`xtatadi

' «Avtotest» yuridik shaxslar haydovchilarini tayyorlash faoliyatini to`xtatadi'ning rasmi

"Avtotest" innovasion avtomaktabi yuridik shaxslar haydovchilarini tayyorlash faoliyatini to`xtatmoqda. Bu haqda kompaniya rasmiy saytidagi "Avtotest" jamoasining murojaatida aytiladi.

"Avtotest» yuridik shaxslar haydovchilarini tayyorlash faoliyatini to`xtatmoqda. Biz jamoamiz bilan shu qarorga keldik. Bizning bosh maqsadimiz pul ishlash emasligini, bizda qadriyatlar boshqa ekanligini shu bilan namoyon etmoqchimiz. Biz odamlardan qing`ir yo`l bilan pul ishlashdan yiroqmiz.

Boshqa avtomaktablardan farqli o`laroq «Avtotest» kompaniyasi paydo bo`lganidan beri hali biron marta daromad olgani yo`q. Hamma topilgan daromad faqat va faqat rivojlanishga, yangi zamonaviy maktablar barpo etish, dasturlar, yangi texnologiyalar yaratishga yo`naltirildi. Bor kuch va mehnat asosiy bosh g`oya — odamlar o`limini kamaytirish, yo`llarda tartib bo`lishini ta`minlash va ushbu sohaning rivojlanishi uchun sarf etildi.

"Avtotest" bizning farzandimiz. Biz unga bor yuragimiz va mehrimizni berdik.

O`tgan davr mobaynida bizni har kuyga solishdi. Yo`llarda mashinalarimizni to`sib kulgu qilishdi. Endi bunga yo`l qo`ymaymiz. Andishaning otini qo`rqoq qo`ymang.

Tan olish kerak, bugun ko`chada ahvol juda yomon. Internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda minglab odamlar yo`l transport hodisalari oqibatida vafot etgani haqida malumotlar chiqadi. Lekin birorta odam bunga qayg`urganini, xuddi "Avtotest"ni muhokama qilganidek muhokama qilganini ko`rmadik.

Bizda qadriyatlar boshqa. Bizda tahsil olganlarning birontasi ta`lim sifatiga, metodiga, yaratilgan sharoitga e`tiroz bildira olmadi, hech bir o`quvchi shikoyat qilmadi, qilolmaydi ham. Chunki biz xalq xizmati uchun jonimizni berib harakat qildik . Shu orqali biror bir inson hayotini saqlashga hissa qo`shgan bo`lsak, yo`llarda bizning bitiruvchilarimiz ozgina bo`lsa-da tartibli harakatlanayotgan bo`lsa, shuning o`zi bizga katta baxt. Bizning yutug`imiz mana shu", deyiladi murojaatda.

Shuningdek, murojaatda "Avtotest" jamoasi barchaga minnatdorchilik bildirgan holda, kompaniya yuridik shaxslar haydovchilarini o`qitish faoliyatini to`xtatishini, ro`yxatga olish jarayoni va barcha mavjud shartnomaviy majburiyatlarni amalga oshirish uchun bir oz vaqt kerak bo`lishini va tahqirlardan charchaganini ma`lum qilgan.

"Biz endilikda faqat haydovchilarni tayyorlash, metodika va qo`llanmalar yaratish bilan shug`ullanamiz. Iltimos, "Avtotest" nomini yomonotliq qilishni bas qiling. U bizning farzandimiz, uni xafa qildirib qo`ymaymiz. Yo`llardagi holat, sotib olingan haydovchilik guvohnomalari va bu ishni qilgan, qilayotgan haydovchilar, ma`sul xodimlarga qarshi kurashishga, minglab o`limlarning oldini olishga kurashishga da`vat qilamiz. E`tiboringiz uchun yana bir bor rahmat", deydi "Avtotest" jamoasi.

    Boshqa yangiliklar