Xabar berilganidek, joriy yilning 15 avgustidan hukumat qaroriga ko`ra, elektr energiyasi, tabiiy gaz va yoqilg`i narxlari oshiriladi. Bugun Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, "O`ztransgaz" AJ va "O`zbekenergo" AJ mutasaddilari ishtirokida mazkur mavzuga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. “Darakchi” muxbirining xabar berishicha, tadbirda asosan narx-navodagi nomutanosibliklar haqida bahs-munozaralar bo`lib o`tgan. Unga javoban Moliya vaziri Jamshid QO`ChQOROV shunday javob bergan:
– Narxlarning oshishi – bu siz yoki mening irodam bilan hal etiladigan vaziyat emas. U bozor iqtisodiyotidagi tabiiy jarayon. Ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiya va tabiiy gaz uchun tariflar 5 baravarga oshiriladi yoki shunga o`xshash sarosimali gaplarga ko`zim tushdi. Lekin bir savolimga javob bering, shu zalda kim oyiga nechi kilovatt elektr energiyasi yoki qancha gaz ishlatishini biladi? Statistika bo`yicha o`rtacha hisobda 200-250 kVt deb olinadi. 15 avgustdan elektr energiyasi 45 so`m o`sishini hisobga olsak, oyiga qo`shimcha 9000-11500 so`m to`lashga to`g`ri kelyapti. Aslida, elektr energiyasini bir kVt/soat uchun 480 so`m qilmoqchi edik, lekin muhtaram Prezidentimiz tashabbuslariga binoan, 295 so`m etib belgilanadigan bo`ldi. Bu o`zgarish, o`ylaymanki, katta munozaralarga olib keladigan darajada emas.
Tadbirda joriy yil 15 avgustdan A-91 markali, keyingi yildan esa A-80 markali benzin narxlari erkin bo`lishi va bu bilan benzin narxi bozor iqtisodiyoti talablari asosida tushishi yoki ko`tarilishi mumkinligi ham aytildi.






