Avtomatni yoyib-yig`ish, ko`chma zenit raketa kompleksini jangovar holatga keltirish, himoya kiyimlarini kiyish va boshqa ko`plab talablarni sanoqli soniyalar ichida bajarish talab etildi.
Nukus va Urganch garnizonining zenit bo`linmalari “Nukus” poligonida “Men g`olib” shiori ostida o`tkazilgan estafetada ishtirok etdi. Murosasiz kechgan bahslarda uchta zenit hisobi alohida-alohida Kalashnikov avtomatini yoyib-yig`ish, ko`chma zenit raketa kompleksini jangovar shay holatga keltirish, kimyoviy zaharlanishga qarshi kiyimlarni kiyish va zenit qurilmasini jangga tayyorlash bo`yicha mashqlarni bajardi.
Qizg`in kurash shukuhi butun estafeta davomida hech kimni tark etmadi. Jamolar o`z raqiblarini ortda qoldirishga urindi. Poligonning o`zi esa muxlislarning qarsak va baralla ovozda hayqirig`iga to`lib ketdi. Muddatli harbiy xizmatchilar o`z harakatlari bilan har qanday vaziyatda Vatan himoyasiga shay ekanligini namoyish etdi.
—Mashg`ulot vaqtida oson bo`lmaydi. Bellashuvda esa xuddi “jangdagidek”. Har qanday xato — mag`lubiyatga yo`l ochadi. Askarlar juda qattiq harakat qildi. Boshqaruv hujjatlarida belgilangan normativlar ortig`i bilan bajarildi. Xato qilgan jamoalardan esa qimmatli ballar ayirib tashlandi. Aynan ushbu ballar orqali kam jarimaga tortilgan jamoalar orasidan eng yaxshilar aniqlandi”, — deydi katta hakam mayor Abdurahmon To`lashev.
Quruqlikdagi qo`shinlarning havo hujumidan mudofaa qilish bo`linmalari o`rtasida o`tkazilgan navbatdagi estafetaning yakuniy natijalariga ko`ra, birinchilikni Nukus garnizonining “Ovchi-qirg`iylar” jamoasi qo`lga kiritdi. Ikkinchi o`rin esa “Vatan fidoiylari” jamoasiga (Nukus garnizoni) nasib etgan bo`lsa, kuchli uchlikka Urganch garnizonining “Urganch qalqoni” jamoasi yakun yasadi.
G`olib va sovrindorlar diplom hamda medallar bilan taqdirlandi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati






