Yozda so`lim joylarda bahra olishni, suv havzalarida cho`milishni xush ko`ramiz.
Bu holat muhim bir qoidani eslatishni taqozo qiladi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ta`qiqlangan, oqimi tez kanallar, anhorlarda cho`milish mumkin emas. Qolaversa, mazkur suv havzalari o`zanida o`tkir uchli toshlar va gidroinshootlarni tozalash davrida texnikalarning ayrim qismlari, ya`ni metall detallari sinib va cho`kib qolgan holatlar mavjudligi fuqarolarning og`ir jarohatlar olishi ehtimoli juda yuqori.
Shu o`rinda Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi taqdim etgan ayrim ma`lumotlarga murojaat qilish lozim bo`ladi. Ularga ko`ra, o`tgan yili vohada fuqarolarning suvda cho`kishiga oid 18 ta baxtsiz hodisa ro`y bergan edi. Joriy yil o`tgan davrida, ya`ni qariyb 7 oyda esa ular soni 15 tani tashkil qilmoqda.
Bu holatlarning 45 foizida bolalar va voyaga etmagan o`smirlar o`limi qayd etilgan. Oila boshiga tushgan o`nglab bo`lmas bu musibat bo`lgan holatlar biz yuqorida qayd etgan xatarli havzalarda bolalarning qarovsiz qoldirilishi, ular esa o`z xavfsizligini ta`minlaydigan darajada suzish qoidalarini yaxshi bilmasligi bilan bog`liqdir. Qo`riqlanmaydigan havzalarda cho`milish oqibatida inson hayoti fojiali yakun topishi kishi yuragini larzaga keltiradi.
– Ta`kidlash kerak, tezoqar kanal va anhorlarda cho`milishga ruxsat berilmasligining yana bir sababi bor, – deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazi boshlig`i, katta leytenant Eldor Murodov. – Mazkur irrigasiya, ya`ni sug`orish inshootlari loyqa suvlarida cho`milgan bolalarda teri va tomoq, qorin tifi, dizenteriya, solmonellyoz va parazitar gijja kasalliklariga chalinish va quyosh ostida yurishlari oqibatida oftob urishi qayd etilmoqda. Ular hayoti va sog`lig`ini xavf ostiga qo`yadigan bunday holatlar oldini olishda profilaktika tadbirlar, xususan kishilar dunyoqarashi, tibbiy madaniyatini oshirishning ahamiyati katta. Shuning uchun ham biz joylarda, ayniqsa, ilgari cho`kish oqibatida inson hayoti zavol topgan mahalla fuqarolar yig`inlari hududlarida bo`lib, aholi, yoshlar va jamoatchilik vakillari bilan targ`ibot, tushuntirish ishlarini olib boryapmiz.
Lekin bizningcha, boshqa bir muhim jihat ham bor. Viloyatda,tezoqar va ruxsat qilinmagan kanal hamda anhorlarga muqobil, ya`ni suv tarkibi laboratoriyada o`rganiladigan, cho`milish xavfsizligini nazorat qilish barobarida hududi qo`riqlanadigan ochiq suv havzalari tarmog`ini kengaytirish lozim. Bu vaqt va katta mablag` talab qiladigan loyiha. Gap inson manfaatlari va hayotiyu sog`lig`i haqida borar ekan, bu masala mablag`dan muhim.






