AsosiyJamiyat

Minsk shahrida Alisher Navoiy byusti o`rnatildi

'Minsk shahrida Alisher Navoiy byusti o`rnatildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida Minsk shahri markazidagi so`lim xiyobonda ulug` o`zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy byusti ochildi.

Ushbu tadbir madaniyatlaro munosabatlarning yangi tarixidagi ulkan voqelik bo`ldi. Boisi, shu kungacha bu erda bironta sharq mutafakkiriga bu qadar yuksak ehtirom ko`rsatilmagan. Ushbu byust Belarus Respublikasida sharq adabiyotining buyuk dahosiga quyilgan ilk yodgorlikdir.

Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig`,

Yor o`lung bir-biringizgakim, erur yorlig` ish.

Ulug` bobokalonimiz qalamiga mansub ushbu satrlar oradan necha asr o`tsa-da, ahamiyati ortib bormoqda. Buni o`zbek va belarus xalqlari o`rtasidagi munosabatlar rivojida ham ko`rish mumkin.

Navoiy bobomiz byusti ochilishiga bag`ishlab o`tkazilgan tantanali marosimda bu yana bir bor namoyon bo`ldi. Tadbirda ulug` o`zbek shoirining ushbu hikmatli satrlari belarus tilida yangradi.

Tantanali marosimda ikki mamlakat parlamenti a`zolari, adabiyot, madaniyat namoyandalari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Belarus Respublikasi Milliy majlisi Kengashi raisi o`rinbosari Marianna Shetkina mazkur tadbir mamlakatlarimiz o`rtasidagi yangi bosqichga chiqqan munosabatlarning mantiqiy davomi ekanini ta`kidladi. O`tgan yili Toshkentda atoqli belarus adibi va jamoat arbobi Yakub Kolas xotirasiga yodgorlik o`rnatilgani fikrimizga yaqqol dalildir.

– Ushbu yodgorlikning ochilishi yorug` va tantanali hodisa. Chunki Navoiy nafaqat ulug` shoir va mutafakkir, balki buyuk ma`rifatparvar ham bo`lgan. Navoiy merosi butun insoniyat mulkiga aylangan, asarlari jahonning ko`plab tillariga tarjima qilingan. Uning chuqur falsafasi, asarlaridagi rang-barang obrazlar xalqlarni do`stlik, insonparvarlik, olijanoblik kabi tuyg`ular orqali birlashtirishga xizmat qiladi, – dedi Marianna Shetkina.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev Navoiy falsafasi xalqlarimiz madaniyati, tafakkurida beqiyos o`rin tutishi, Prezidentimiz tashrifi doirasida o`tayotgan mazkur marosim o`zbek va belarus xalqlari o`rtasidagi uzoq asrlik do`stlik va birodarlik rishtalari bugungi kunda yangi bosqichga ko`tarilayotganini ifoda etishini qayd etdi.

O`zbekiston Belarusni vaqt sinovidan o`tgan ishonchli hamkor, tashqi siyosatdagi ustuvor sherik sifatida ko`radi. Ushbu mamlakat poytaxtida buyuk o`zbek shoiri yodgorligining ochilishi ikki mamlakat o`rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shu o`rinda Alisher Navoiy asarlari bugungi kunda ham jahonda tinchlik, do`stlik, birodarlikni targ`ib qilayotgan bebaho meros sifatida boshqa xalqlar tomonidan ham qadrlanayotganini e`tirof etish joiz. Aslida chinakam adabiyot vaqt, makon, chegara tanlamaydi. Toki insoniyat komillikka intilar ekan, Navoiy asarlari har bir davrda, har qanday qatlam uchun qadrli va dolzarb bo`lib qolaveradi.

Belaruslik yosh haykaltarosh Maksim Makarevich tomonidan ishlangan byust buni yana bir bor tasdiqlaydi.

Shu kuni Navoiy bobomiz yodgorligi poyi gullarga burkandi. Marosim o`zbek va Belarus xalqlari adabiyotining bayramiga aylanib ketdi.

photo5332534616671759242.jpg

photo5332534616671759243.jpg

photo5332606617503509331.jpg

photo5332661481415748360.jpg

photo5332661481415748363.jpg

photo5332661481415748364.jpg

photo5332661481415748365.jpg

photo5332661481415748366.jpg

photo5332661481415748367.jpg


    Boshqa yangiliklar