Aholini ro`yxatga olishning ahamiyatli jihatlari ko`p. Bu avvalo mamlakat aholisining aniq soni, jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma`lumoti darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlari haqida aniq va ishonchli ma`lumot olish hamda bu borada yagona bazani yaratish imkonini beradi.
Bunday kompleks o`rganish natijasida aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish bo`yicha qisqa, o`rta va uzoq muddatli prognozlar tayyorlanadi. Shuningdek, bu yo`nalishdagi ishlar hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro`yxatini tuzish, ya`ni turar va noturar joylarning aniq soni, holati, tegishli hududlarda uy-joy ob`ektlarini qurish masalalariga oydinlik kiritadi. Respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasini yaratilishini ta`minlaydi.
Bugungi kunda O`zbekiston aholisi qancha va bu stastika qanday manbalarga asoslangan?
O`zbekistonda so`nggi bor aholi 1989 yilda ro`yxatga olingan. Har yili bu borada taqdim etiladigan statistika esa tumanlardagi Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish bo`limlarida qayd etiladigan tug`ilish va o`lim holatlari, qolaversa, yurtimizga keluvchi va mamlakatimizdan ketgan aholi hisob-kitobi asosida amalga oshiriladi. Ana shu hisob kitoblarga ko`ra, bugungi kunda O`zbekiston aholisi 33 milliondan oshgani Toshkentda istiqomat qiluvchilar esa taxminan 2,5 mlndan ziyoddir.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining «2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro`yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar» rezolyusiyasi qabul qilingan. Unga ko`ra, mazkur tashkilotga a`zo davlatlar albatta o`z hududlarida aholini ro`yxatga olish tadbirlarini o`tkazishlari lozim. Bu tadbirlarni yuqori saviyada o`tkazishni ta`minlash maqsadida prezident farmoni ham qabul qilingan. Hozirda uning ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi davlat statistika qo`mitasi hamda uning hududiy boshqarmalari tomonidan aholini ro`yxat olish tadbirlarini munosib tarzda o`tkazishga tayyorgarlik ko`rilmoqda.
Dunyo amaliyotida aholini ro`yxatga olishning bir necha usul va yondoshuvlari mavjud. Ulardan birinchisi an`anaviy usul bo`lib, unda respondent bilan bevosita bog`lanib, elektron yoki qog`oz shaklda so`rovnoma o`tkaziladi.
Ikkinchi yondoshuv idoraviy ma`lumotlardan foydalanish usulidir. Bunda turli idoralarda mavjud bo`lgan elektron ma`lumotlar bazasidan foydalaniladi.
Uchinchi yondoshuvda esa bir vaqtning o`zida an`anaviy va idoraviy usuldan foydalaniladi.
Hozirda mutaxassislar yurtimizning turli hududlarida bu usullarning qay biri samarali bo`lishini o`rgangan holda, aholini ro`yxatga olish ishlarini olib borish tadbirlarining rejasini ishlab chiqishmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, mamlakatimizda mazkur jarayon uchun 265 kun talab etiladi. Bu tadbirni o`z vaqtida samarali o`tkazish uchun o`qituvchi, talaba va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan ko`ngillilar jalb etilishi va so`rovnomalarda AKT yutuqlaridan keng foydalanish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, yurtimizda boshqa hech bir davlatda uchramaydigan noyob tuzilma - mahallalar mavjudligi hammaga ayon. Aholini ro`yxatga olish ishlarida undagi jamoatchilik, posbonlarga ham alohida vazifa va mas`uliyat yuklanadi.






