AsosiyJamiyat

Odatda paxsa devordan bo`lgan bino buziladi, nega tadbirkorning do`koniga teginildi — DXX raisi Yakkabog`ga keldi

'Odatda paxsa devordan bo`lgan bino buziladi, nega tadbirkorning do`koniga teginildi — DXX raisi Yakkabog`ga keldi'ning rasmi

Kecha 27 iyul kuni DXX raisi Abdusalom Azizov Qashqadaryo viloyati, Yakkabog` tumanining «Eski Yakkabog`» hududida bo`ldi va holat yuzasidan viloyat mas`ullari bilan muloqot qildi. Bu haqda «Qashqadaryo ziyokori»ga tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari Bozor Azizov ma`lum qildi.

Bozor Azizovga ko`ra, Abdusalom Azizov Bahriddin Isomovga tegishli savdo va maishiy xizmat ko`rsatish do`koni beton g`ishtdan qurilgan bino ekanligini ta`kidlab, bu binoni buzishga uringan tuman mas`ullari ishini qoralagan.

— DXX raisi tadbirkor do`koni buzilishiga fikr bildirar ekan, «Odatda paxsa devordan bo`lgan yoki bugungi kun talabiga javob bermay qolgan bino buziladi-ku, nega tadbirkorning bu binosiga teginildi?» deya qattiq koyib gapirdi, — deydi Bozor Azizov. – Abdusalom Azizov shuningdek, bugungi kun tadbirkorlari xalqni boqayotgani, shu boisdan tadbirkorga halal berish emas, yordam berish zarurligini ta`kidladi.

Ma`lum qilinishicha, DXX rahbari bilan bo`lib o`tgan muloqotda Eski Yakkabog` hududi bir hafta mobaynida «Obod markaz»ga aylanishi lozimligi, buning uchun viloyatdan kerakli yordam berilishi aytilgan. Qolaversa, tuman hokimligi vakillarining xo`jasizlarcha harakatlaridan aziyat chekkan fuqarolar Nizom Vohidov, Dilfuza Boqieva, Farruh Jabborov hamda Zafar Jo`raevlar kabi uy-joyi buzilgan 7 nafar fuqaroga hamda hovli devorlari buzilgan 27 nafar fuqaroga 1 mlrd 700 million so`m konpensasiya pullari to`lab berilishi ta`kidlangan.

Bozor Azizovning qo`shimcha qilishicha, tumanga hozircha yangi rahbar tayinlanmagan.

    Boshqa yangiliklar