AsosiyJamiyat

O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida bitiruv tantanalari bo`lib o`tdi

'O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida bitiruv tantanalari bo`lib o`tdi'ning rasmi

Kecha, 27 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi fakulteti tinglovchilari hamda malaka oshirish fakultetining akademik kurslarini tamomlagan ofiserlarning tantanali bitiruv marosimi bo`lib o`tdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi V. Mahmudov, mudofaa vaziri general-mayor B. Qurbanov, Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumani hokimi Sh. Irgashev, davlat va jaomat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, bitiruvchilarning ota-onalari, oila a`zolari ishtirok etdi.

Bitiruvchi ofiserlarga diplom, ko`krak nishonlari hamda sertifikatlar topshirildi. Marosimda so`zga chiqqanlar mazkur ta`lim muassasasining qo`shinlarimiz uchun yuqori bo`g`in qo`mondonlik ofiserlarini tayyorlash, mudofaa qurilishi sohasida hamda ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirishdagi g`oyat muhim o`rin egallab kelayotganini e`tirof etdilar.

Eng yangi usul va texnologiyalar joriy etilgan, o`quv auditoriyalari zamonaviy trenajyorlar, o`quv va laboratoriya asbob-uskunalari hamda kompyuter texnikasi bilan jihozlangan sharoitda, shuningdek bugungi shiddatli zamon harbiy harakatlari xususiyatlarini, harbiy san`at rivoji tendensiyalarini o`zida aks ettirgan dala-o`quv mashqlarida ta`lim olgan ofiserlar Qurolli Kuchlarimiz mudofaa qudrati hamda jangovar shayligini yanada oshirish uchun munosib hissa qo`shishlariga katta ishonch bildirildi.

Tantanali marosim samimiy tilaklardan keyin Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining konsert dasturi bilan yakunlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

    Boshqa yangiliklar