AsosiyJamiyat

Saxovat, mehr-muruvvat insonni ulug`laydi

'Saxovat, mehr-muruvvat insonni ulug`laydi'ning rasmi

Xalqimizga xos milliy qadriyatlarimizdan bo`lgan mehr-muruvvat va saxovatpeshalik fazilatlari nafaqat umumxalq bayramlari arafasida, balki doimo yurtdoshlarmizning e`tiboridan chetda qolmagan.

Mamlakatimizda nogironligi bo`lgan shaxslarga, kam ta`minlangan, yakka yolg`izlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lgan fuqarolar davlatimiz va muruvvatli insonlar tomonidan xolidan xabar olinmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan Qoralpog`iston Respublikasi
va Surxondaryo viloyati mahallalarida keksa avlod vakillari, yoshlar va mahalla faollari ishtirokida “Osoyishtalik uchun barchamiz mas`ulmiz” mavzusida ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar o`tkazilmoqda.

Shu paytga qadar bunday targ`ibot tadbirlari 20 ga yaqin mahalla fuqarolar yig`inlarida tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvlardan so`ng Institut professor-o`qituvchilari kam ta`minlangan oilalar, nogironlar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillar, ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo`lgan faxriylarning uylariga borib, ular bilan muloqotlar chog`ida bayon etilgan muammo va kamchiliklarni keng jamoatchilik vakillari hamda mahalliy hokimliklar va tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish choralari ko`rilayotir. Hasharlar uyushtirilib, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus shahar ”Toktov” ovul fuqarolar yig`inida yashovchi 2-guruh nogironi, 1988 yilda tug`ilgan Muxabbat Davletbaevaning xonadoniga tashrif buyurib, uning holidan xabar olindi.

– Men 2008 yil turmush qurdim, – deydi Muhabbat Davletbaeva. – Birinchi farzandim dunyoga kelgandan keyin sog`lig`im bo`lmadi. Avval unchalik e`tibor bermadim, keyinchalik shifokorlar ko`rigidan o`tganimda “ikki buyrak etishmovchiligi” tashxisi bilan kasal ekanligim ma`lum bo`ldi. Hozirgi kunda doimiy davolanib turaman, menga oila a`zolarim, qo`ni-qo`shnilarim uy ishlarimga yordam bermokda. Xolimizdan xabar olish uchun bugun uyimizga kelganliklari va muammolarimizni tinglaganliklari uchun
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti xodimlariga o`z minnatdorchiligimni bildiraman.

– Turmush o`rtog`im Akbar Shoberdiev 2011 yilda olamdan o`tdi,
– deydi biz bilan suhbatda Surxondaryo viloyati Termiz tumani Sharof Rashidov nomli mahallasida yashovchi Salomat Pardaeva. – Uch nafar farzandim bor, kattasi 15 yosh, kichigi 10 yoshda. Otasi olamdan o`tganda farzandlarim yosh edi, bugun esa ularning savollariga to`liq javob bera olmayman. Bir tomondan esa ham erkak, ham ayol bo`lib ro`zg`or tashvishlarini hal qilishim kerak. Shukur. Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari uyimga kelib, muammolarim bilan qiziqib, kamchiliklarni bartaraf etish choralarini izlayapti. Buning uchun Vazirlik va Institut rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman.

Duoga qo`l ochgan Salomat Pardaeva “o`g`lim ham sizlar kabi Vatanimiz uchun munosib xizmat qiladigan yigit bo`lsin”, dedi.

Onasi bilan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlarining suhbatlariga quloq solib turgan 10 yoshli Shaxobiddin davraga qo`shilib “men ham onamdek kuchli, irodali bo`laman” deydi. Buning uchun mehnatdan qochmasligim, o`qib-o`rganishim lozimligini bilaman. Kelgusida shifokor bo`lishni niyat qilganman. Bunga erishish uchun albatta harakat qilaman.

– Oilamda 15 nafar kishi istiqomat qiladi, shulardan men va
2 nafar o`g`lim ishlaymiz, oilamizda vaqtinchalik etishmovchilik bo`lyapti. Mahalla faollari, qo`ni-qo`shnilarga rahmat qo`llaridan kelguncha yordamlashmoqda, – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Xo`jayli tumani ”Qo`rqinchi” ovul fuqarolar yig`inida yashovchi kam ta`minlangan oila boshlig`i Tursunboy Abdiev. – Bugun oilamning xolidan xabar olish uchun kelgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlarini ko`rib ko`nglim tog`dek ko`tarildi. Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va Malaka oshirish instituti jamoasining xalqimiz ichiga kirib borayotgan hamda amalda ko`rsatilgan saxovatga yo`g`rilgan muruvvatlari tahsinga sazovordir.

Darhaqiqat, hayotning har bir daqiqasini ezgu ishlarga bag`ishlash, xayrli yumushlarni bajarish, farzandlarning baxtini ko`rish, tinch, osoyishta, dorilomon kunlarda yashash haqiqiy baxtdir.

Xotima o`rnida aytish joizki, tinch-osoyishta kunlarning qadriga etish, keksalarga hurmat ko`rsatish, o`zgalar ko`magiga muhtoj kishilarga g`amxo`rlik qilish har birimizning burchimiz.

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda soha xodimlarining malakasini oshirish bo`yicha sayyor o`quv yig`inlari, mahallalarda ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar hamda kam ta`minlangan oilalar, yakka yolg`izlar, nogiron fuqarolar holidan xabar olishdek ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar