Shavkat Mirziyoev Oqdaryo tumanidagi «Pure milk Oqdaryo» fermer xo`jaligi dalasida bo`lib, mirishkorlar bilan suhbatlashdi.
- Qanday qilib odamlarning daromadini oshiramiz, degan savol meni har kuni qiynaydi. Buning uchun har bir hudud, har bir sohada imkoniyatlar bor. Qishloq xo`jaligida – yangi texnologiyalarni joriy qilib, hosildorlikni oshirish, xomashyoni qayta ishlash. Qayta ishlash bo`lsa, daromad, ish o`rni ko`payadi, - dedi Prezident.

Paxtachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan mazkur fermer xo`jaligining maydoni 1 ming 360 gektar. G`o`zani tomchilatib sug`orish joriy etilgan.
Davlat rahbari qolgan xo`jalik va klasterlar erini ham tomchilatib sug`orishga o`tkazish, hosildorlik past maydonlarda g`allani qisqartirib, daromadi undan yuqori meva-sabzavotlar ekish, fermer va klasterlar uchun minitexnologiyalar etkazib berish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.










