Butun respublikamizda ishlab turgan gaz hisoblagichlari elektron gaz hisoblagichlarga bosqichma-bosqich almashtiriladi. Elektron hisoblagichlar tabiiy gaz hisobi va nazoratining avtomatlashtirilgan tartibini (ASKUG tizimi) joriy etish doirasida o`rnatilmoqda. Bu haqda “O`ztransgaz” AJ mutasaddilari Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida bo`lib o`tgan ochiq muloqotda ma`lum qildi.
Gaz hisoblagichlari 3,4 mln. Iste`molchiga o`z mablag`lari hisobidan o`rnatiladi. Ya`ni iste`molchilardan buning uchun haq olinmaydi.
Shahnoza Islomova, Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish direksiyasi direktori:
— Gaz elektron hisoblagichlari bosqichma-bosqich o`rnatiladi. Birinchi bosqichda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishlar olib borilsa, keyingi bosqichlarda Qoraqalpog`iston, Buxoro, Jizzax, Xorazm, Namangan, Navoiy va boshqa hududlar qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Toshkent viloyatining Qibray tumani U.Yusupov mahallasida mavjud 189 ta aholi xonadonlarining gaz ta`minoti 2 bosqichli tizimga o`tkazildi.
Unga ko`ra,
-yuqori bosimli gaz taqsimlash punkti (GTP) to`liq modernizasiya qilindi;
-xonadonlarga o`rnatilgan zamonaviy gaz hisoblash uskunalarini avtomatik nazorat qilish tizimi o`rnatildi;
-har bir xonadonlarga zamonaviy gaz hisoblash uskunalari o`rnatildi;
-xonadonlarga kirish qismiga maxsus temir qutilarda bosim sozlagich (regulyator)lari o`rnatildi;
-hududdagi gaz tarmoqlari to`liq modernizasiya qilindi;
-gaz sarfini onlayn “ITRON” dasturi orqali kuzatib borish maqsadida tumangaz dispetcherlik xizmatida maxsus monitor o`rnatildi;
-har bir xonadonga gaz sizib chiqishi va is gazini aniqlovchi 189 dona signalizatorlar o`rnatildi. Bu signalizatorlar is gazi konsentrasiyasi meyoridan oshganda tabiiy va suyultirilgan gaz sizib chiqqan hollarda gaz ta`minotini avtomatik o`chirib, ovozli signal bilan ogohlantiradi.
Hozirgi kunda kirish qismiga o`rnatilgan elektron gaz hisoblagich bilan xonadonlarga o`rnatilgan hisoblagichlar ko`rsatkichlari solishtirib, tahlil qilinganda yo`qotish 1 foizni tashkil qilmoqda.
Mutasaddilarning so`zlariga ko`ra, zamonaviy gaz elektron hisoblagichlarini ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha “Artel” kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda. Kelgusida shartnoma tuzilib, respublika aholisini zamonaviy gaz elektron hisoblagichlari bilan ta`minlash ko`zda tutilgan.






