AsosiySiyosat

Qozog`istonning Birinchi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot bo`lib o`tdi

'Qozog`istonning Birinchi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot bo`lib o`tdi'ning rasmi

24 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qozog`iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboev telefon orqali muloqot qildilar.

Suhbat avvalida Nursulton Nazarboev davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, O`zbekiston Prezidentining qardosh mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishishdagi shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev, o`z navbatida, tabrik va ezgu tilaklar, shuningdek, ko`p qirrali O`zbekiston-Qozog`iston hamkorligining rivojlanishi va mustahkamlanishini har tomonlama qo`llab-quvvatlayotgani uchun Nursulton Nazarboevga minnatdorlik bildirdi.

Keyingi yillarda ikki mamlakat o`rtasida tovar ayirboshlash hajmi bir necha karra ortdi, ustuvor yo`nalishlarda istiqbolli kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda, transport va tranzit kommunikasiyalari sohasidagi hamkorlik kengaymoqda.

Hamkorlikning yangi jihati – hududlararo almashinuvlar yo`lga qo`yildi. Ishbilarmonlik aloqalari faollashdi. O`zbekistonda Qozog`iston yili doirasida qardosh xalqlarimiz do`stligi va yaxshi qo`shnichiligini mustahkamlashga xizmat qilayotgan birgalikdagi tadbirlar o`tkazilmoqda.

Muloqot chog`ida ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko`rib chiqildi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni, jumladan, O`zbekiston va Qozog`iston Bosh vazirlari raisligidagi qo`shma Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.


    Boshqa yangiliklar