O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 24 iyul kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Qasim-Jomart Tokaev davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlar ekan, uning qardosh mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan hissasini alohida ta`kidladi.
Suhbatda O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama tovar ayirboshlashni yanada oshirish, sanoat kooperasiyasini kuchaytirish, tranzit salohiyati va hududlararo hamkorlikdagi keng imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligini ta`kidladilar.
Shu munosabat bilan o`tgan hafta ikki mamlakat hukumat delegasiyalari ishtirokida "Beyneu-Akjigit-O`zbekiston chegarasi" avtomobil yo`lining ochilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bundan tashqari, O`zbekistonda Qozog`iston yili doirasida birgalikdagi madaniy-gumanitar tadbirlarni muvaffaqiyatli o`tkazishga alohida e`tibor qaratildi.






