O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 15 iyul kuni uzluksiz professional ta`lim tizimini yanada takomillashtirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.
Bugungi kunda barcha soha va tarmoqlarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Hududlarda yangi korxonalar ishga tushirilib, ijtimoiy infratuzilma rivojlantirilmoqda. Oldinda yana katta reja va maqsadlar bor.
Bularning barchasi malakali mutaxassislarga bo`lgan talabni oshirmoqda. Chunki har bir sohaning rivoji, loyihalarning ijrosi etuk kadrlarga bog`liq.
Shu bois keyingi yillarda ta`lim tizimi modernizasiya qilinib, o`qitishning zamonaviy shakl va texnologiyalari joriy etilmoqda. Hududlarda yangi, shu jumladan, xorijiy ta`lim muassasalari tashkil etilib, talab yuqori bo`lgan mutaxassislar tayyorlashga sharoit yaratilmoqda.
Yig`ilishda o`rta bo`g`in mutaxassislari va ishchi kasblar bo`yicha kadrlar tayyorlashning samarali tizimini yo`lga qo`yish masalalari muhokama qilindi.

Kollejlar negizida professional ta`lim muassasalarining yangi tarmog`ini shakllantirish vazifasi qo`yildi. Ushbu muassasalarda boshlang`ich, o`rta va o`rta maxsus professional ta`lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanadi. O`qitish muddatlari zarur bilim, malaka va ko`nikmalarning murakkabligiga qarab turlicha bo`ladi.
Yig`ilishda ushbu tizimni joriy qilishdan oldin uning metodologiyasini yaratish, ta`lim dasturlarini xalqaro talablar asosida yangidan ishlab chiqib, o`qituvchi va ishlab chiqarish ustalarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish zarurligi ta`kidlandi. Yoshlarni kasb-hunarga qiziqtirish va rag`batlantirish bo`yicha taklif kiritish topshirildi.
Davlatimiz rahbari yangi professional ta`lim tizimini mehnat bozori talablari bilan uyg`unlashtirish masalasiga alohida to`xtaldi.
Joylarda ishsizlik kuzatilayotgan bir paytda ishchi kasblar bo`yicha mutaxassislarga katta ehtiyoj borligi qayd etildi. Masalan, engil sanoatda 46 ming, qurilishda 104 ming, metallga ishlov berish bo`yicha 71 ming, xizmat ko`rsatish sohasida 67 ming nafar mutaxassis etishmayapti. Bu ta`lim va ishlab chiqarish o`rtasida uyg`unlik yo`qligi oqibatidir.
Shu bois bitiruvchining ishga joylashishi yoki o`z biznesini yo`lga qo`yishi ta`lim muassasalari faoliyatining asosiy mezoni bo`lishi kerakligi qayd etildi.
Prezident yangi professional ta`lim tizimi bo`yicha taklif etilgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish yuzasidan ko`rsatmalar berdi.






