Markaziy harbiy okrugi qo`mondonligi tashabbusi bilan 17-iyul kuni Jizzax viloyatidagi “Forishʼʼ tog` poligonida internet nashrlarida hamda mustaqil faoliyat yuritayotgan jurnalistlar va blogerlar o`rtasida harbiylashgan musobaqa bo`lib o`tadi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.
Mudofaa vazirligi miqyosida birinchi marta o`tkazilayotgan ushbu musobaqa shartlariga ko`ra, jurnalist va blogerlar poligonda o`q otish mashqlarini bajarib, har biri pistolet hamda avtomatdan merganlik qobiliyatini sinovdan o`tkazishadi. Shu bilan birga, musobaqa ishtirokchilari jangovar texnikalardagi ekipaj tarkibida 10 kmga harakatlanish, kunning ikkinchi yarmida axloqiy-ruhiy to`siqlar yo`lagidan o`tish kabi vazifalarni bajaradi.
Shuningdek, asosiy tadbirlar rejasiga,konsert dasturi, harbiy orkestr va qo`l jangi chiqishlari hamda taqdirlash marosimi o`tkazilishi kiritilgan.
Tanlov yakunida Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Oybek Saidov bilan davra suhbati o`tkazilib, otish tayyorgarligidan eng yuqori natija ko`rsatgan bir nafar jurnalist va blogerga qo`mondonning maxsus sovg`asi topshiriladi.
Musobaqaning barcha ishtirokchilariga esdalik uchun harbiy anjomlar beriladi.
Tanlov bir kun ertalabki soat 09.00dan 21.00ga qadar bo`lib o`tadi. Jurnalist va blogerlarni poytaxtdan kelib-ketishi uchun texnika ajratiladi.
Ma`lumot o`rnida, Markaziy harbiy okrugi Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilda tashkil etilgan bo`lib, uning tarkibiy bo`linmalari Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlarida joylashgan.






