Gresiyada kuzatilgan kuchli shamol va do`l natijasida 6 nafar xorijlik sayyoh halok bo`ldi. Bu haqda Euronews.com nashri xabar berdi.
Ularning ikki nafari Rossiya fuqarolari ekanligi aytilmoqda. Tabiiy ofat Gresiyaning sayyohlar orasida mashhur bo`lgan Xalkidiki yarim orolida kuzatildi. 20 daqiqa davomida esgan kuchli shamol daraxtlarni ildizi bilan qo`porib tashlab, bino va uy tomlarni uchirib ketdi. Hududda favqulodda holat e`lon qilindi. Polisiya ma`lumotlariga ko`ra, sohil bo`yidagi Nea- Potidea shahrida mehmonxona yaqinida ikki nafar Rossiya fuqarosi ustiga daraxt qulab tushgan.
Bundan tashqari, yana ikki nafar Chexiya va ikki nafar Ruminiya fuqarolari tabiiy ofat oqibatida halok bo`lishgan. Shifoxonalarga umumiy hisobda 100 dan ortiq jabrlangan murojaat etishgan. Ekspertlar bunday ob-havo sharoiti Gresiya uchun noodatiy hol ekanligini ta`kidlashmoqda. Ayni damda hududda talofatlarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.






