Xizmat burchini bajarish vaqtida fidoyilik ko`rsatgan, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta`minlashdek mas`uliyatli vazifalarni vijdonan bajargan O`zbekiston Milliy gvardiyasi Buxoro viloyati Qo`riqlash boshqarmasi xodimi Dadaxon Xo`jaev, Harbiy-texnik instituti kursantlari Javohir Hasanov va Suhrobjon Elmurodov Milliy gvardiya tomonidan hafta qahramonlari deb e`lon qilindi.
Dadaxon Xo`jaev Buxoro viloyati Kogon tumanidagi «Bibi Orifa» masjidi hovlisida joylashgan hovuzga oyog`i sirpanib tushib ketib, cho`kayotgan bolani qutqarib qolgan.
Javohir Hasanov va Suhrobjon Elmurodov o`z xizmat vaqtida Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan «Shabboda» kafesidagi yong`in oqibatida olov ichida qolib ketib, hushini yo`qotgan homilador ayol va 3 nafar fuqaro — jami to`rt kishining hayotini saqlab qolgan.
«Xizmatdoshlariga namuna ko`rsatgan qahramonlar Milliy gvardiya qo`mondonligi tomonidan munosib rag`batlantirildilar», — deyiladi Milliy gvardiya xabarida.






