Internetda Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi bozor hojatxonasiga tashlab ketilgan yangi tug`ilgan chaqaloq topib olingani haqidagi video tarqaldi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda shifokorlar, IIB xodimlari va boshqalar chaqaloqni jonlantirishga urinayotgani tasvirlangandi.
Chaqaloqning onasi tasviri bozordagi kuzatuv kameralariga tushib qolgan va ayni vaqtda u qidiruvga berilgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati chaqaloqning hayoti saqlab qolingani va uning ayni vaqtdagi holati haqida ma`lumot berdi. Ma`lum bo`lishicha, yangi tug`ilgan chaqaloq 2 iyul kuni Denov tumanidagi «Lolazor» buyum bozori hududidagi hojatxonadan topilgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari va tez tibbiy yordam shifokorlari chaqaloqqa voqea joyida birinchi tez tibbiy yordamni ko`rsatishgan. Chaqaloq 2-sonli viloyat perinatal markaziga og`ir ahvolda olib kelingan va uning hayoti saqlab qolingan.
«Shifokorlar ko`rsatgan tibbiy muolajalardan keyin chaqaloqning umumiy ahvoli qoniqarli bo`lib turibdi. Ayni paytda tibbiyot xodimlari tomonidan sun`iy oziqlantirilmoqda. Chaqaloq jinsi - qiz bola, og`irligi - 3500 gramm, bo`yi - 50 santimetr.
Hozirda chaqaloq ahvoli Sog`liqni saqlash vazirligi nazoratiga olingan. Shifokorlar chaqaloq hayoti uchun kurashmoqda», deya Kun.uz’ga xabar bermoqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi boshlig`i Furqat Sanaev.






