AsosiyJamiyat

Prezident Andijon viloyati hokimiga tanbeh berdi

'Prezident Andijon viloyati hokimiga tanbeh berdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida birinchi yarim yillikda davlat byudjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Kun.uz manbasi xabar qilishicha, yig`ilish yakunida prezident Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovni tanqid qildi.

Prezident internetda viloyat hokimi bilan bog`liq xabarlarni kuzatganini, Andijon viloyatida ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlardan ko`ngli to`lmayotganini aytib o`tgan.

«Seni hurmat qilaman. Lekin internetdagi gaplar dilimni og`ritdi. Og`ir-bosiq bo`l. Sadoqat boshqa, amal boshqa», degan prezident.

O`z navbatida hokim yo`l qo`ygan xatolarini tushunib etganini aytib, bu holat uchun uzr so`ragan va bunday holat boshqa takrorlanmasligiga va`da bergan.

Qayd etish kerakki, Andijon viloyati va viloyat hokimi so`nggi vaqtlarda OAV e`tiborida bo`lib turibdi.

Avvaliga may oyida prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi vaqtida ko`zbo`yamachilik qilingani haqida xabarlar shov-shuv bo`lgandi. Unga ko`ra, 6 nafar ayolga prezident sovg`asi sifatida kottejlar berilishi va`da qilingani, lekin prezident Toshkentga qaytgach, ulardan uylar qaytarib olingani ma`lum bo`lgandi.

Shuningdek, iyun oyida Shuhratbek Abdurahmonov viloyat hokimligida o`tkazilgan yig`ilishda boshqa mansabdorlarni qo`pol so`zlar bilan haqorat qilgani haqidagi audio tarqaldi.

    Boshqa yangiliklar