AsosiyJamiyat

Yurtdoshlarimiz nega xorijda ishlashga intilmoqda?

'Yurtdoshlarimiz nega xorijda ishlashga intilmoqda?'ning rasmi

O`zbekistondagi migrasiya jarayonlarining o`ziga xos jihatlari va sabablarini aniqlash, fuqarolarning migrasiyaga oid, jumladan, mehnat va ta`lim migrasiyasi bilan bog`liq kayfiyatini o`rganish, mehnat migrantlarining ijtimoy va huquqiy himoyasizlik darajasini aniqlash – ana shu jihatlar “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o`rganish markazi mutaxassislari tomonidan o`tkazilgan ijtimoiy so`rovning e`tibor markazida bo`ldi.

So`rov O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 iyuldagi “Ichki ishlar organlarining migrasiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi, 2018 yil 5 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migrasiya tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi hamda 2018 yil 14 iyuldagi “Aholi bandligini ta`minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorlariga muvofiq o`tkazildi.

Ijtimoiy so`rov shuni ko`rsatdiki, yurtdoshlarimizning aksariyat qismi (98,2 foiz) Vatanimizni butunlay tark etishni istamaydi va ular o`z kelajaklarini u bilan bog`laydi. Respondentlarning yashash joyi, jinsi va yoshidan qat`i nazar, barcha hududlarda shu tendensiya kuzatiladi.

Amaldagi qonunchilik mamlakatimiz fuqarolariga dunyoning boshqa davlatlarida idoralararo va hukumatlararo shartnomalar bo`yicha hamda O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi bo`yicha agentlik yordamida xususiy shartnomalar bo`yicha ishga joylashish imkonini beradi. So`rov ishtirokchilarining fikricha, respublikamizda migrasiya jarayonlarini boshqarish va tartibga solish bo`yicha zarur infratuzilma yaratilgan.

Fuqarolar davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy soha, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xorijiy investisiyalarni faol jalb etish, aholi bandligi va uni ish bilan ta`minlash dasturlarini ishlab chiqish, fuqarolarning xorijda ishga joylashishini tartibga solish va qonuniylashtirish uchun yangi xalqaro aloqalarni o`rnatishga qaratilgan qator qonunchilik va huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

So`rov qatnashchilari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning mehnat migrantlari to`g`risidagi qaroridan xabardor. Ushbu qaror asosida xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi tashkil etilgan bo`lib, uning asosiy funksiyalari ularni huquqiy va moddiy jihatdan qo`llab-quvvatlash hamda zo`ravonlik, majburiy mehnat va kamsitish yoki mehnat va boshqa huquqlarining buzilishidan himoya qilishdir.

O`zbekiston fuqarolarning xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun chetga chiqish mexanizmini tashkillashtirish tizimini ham rivojlantirmoqda, xorijda ish bilan ta`minlovchi mehnat organlari infratuzilmalarini yanada rivojlantirish ishlarini olib bormoqda.

So`rov natijalari so`ralganlarning 8,3 foizi boshqa mamlakatda ishlab, so`ngra o`z Vataniga qaytishga tayyor ekanini ko`rsatdi. So`rov natijalariga ko`ra, fuqarolar ko`pincha bir yarim yilga (31,5 foiz), yarim yilga (22,8 foiz) va 3 oyga (13 foiz) boshqa mamlakatga chiqishadi.

Tadbirkorlik – ham erkak, ham ayollar uchun eng yaxshi faoliyat turlaridan sanaladi. Erkak migrantlar uchun qurilish sohasi, ayollar uchun ijtimoiy sohada ishlash ikkinchi o`rinda turadi.

So`rov o`zining xorijda ishga joylashish masalasini Tashqi mehnat migrasiyasi bo`yicha agentlik orqali hal etayotgan shaxslar yil sayin ortib borayotganini ko`rsatdi (2017 yilda 35,1 foiz, 2019 yilda 41,3 foiz fuqarolar). Bu kabi natijalar migrantlar mehnat migrasiyasining qonuniy uslubi afzalligini tobora anglab etayotganlaridan dalolatdir.

So`rov aksariyat migrantlar o`zlari yashagan joyda, o`zlari olgan ta`lim yo`nalishi, malakasi hamda munosib ish haqi bo`yicha ishga joylashish imkoniyati bo`lganda, boshqa mamlakatda ishlashdan bosh tortishga tayyor ekanini ko`rsatdi.

So`rov boshqa mamlakatda noqonuniy mehnat qilayotgan migrantlar ko`pincha yolg`on va odam savdosi qurboni bo`layotganliklarini aniqladi.

So`rov davomida mehnat migrantlarining huquq va manfaatlari buzilganda, ular qaysi organlarga murojaat qilishlari kerakligi to`g`risida nechog`lik xabardor ekani aniqlandi. Zarur hollarda, aksariyat (67,8 foiz) migrantlar yordam so`rab, diplomatik idoralar: O`zbekiston Respublikasi elchixonasi yoki konsulligiga murojaat qiladi. Mazkur ko`rsatkich so`nggi bir necha yildan buyon barqaror, yuqori darajada turibdi.

O`zbekiston fuqarolarining ta`lim migrasiyasining turli jihatlari, ularning xorijda ta`lim olishga bo`lgan munosabatlarini o`rganish tadqiqot maqsadlaridan biri edi.

So`rov natijalari shuni ko`rsatdiki, Rossiya Federasiyasi, Janubiy Koreya, Evropa va MDH mamlakatlaridagi o`quv muassasalar ta`lim migrasiyasining eng mashhur yo`nalishlaridan hisoblanadi.

Tadqiqotda, shuningdek, xorijda ta`lim olgan fuqarolarning qancha qismi o`qishni tugatgach, Vatanimizga qaytishi, qanchasi o`zga yurtda qolishini aniqlash vazifasi ham bor edi.

So`rov ishtirokchilarining yarmidan ko`pi chet elda tahsil olayotgan oila a`zolari ta`limni davom ettirayotganliklarini ma`lum qilishgan. O`qish yakunidan so`ng mamlakatimizga qaytgan fuqarolar soni barqaror darajada bo`lib, so`rov ma`lumotlariga ko`ra, 37 foizni tashkil etadi. Farzandlari yoki boshqa yaqin qarindoshlari chet elda tahsil olayotgan yoki o`qishni tugatgan aksariyat ishtirokchilar (88,2 foiz) oila a`zolari uyga qaytishini xohlashadi. So`rovda ishtirok etgan har o`ninchi ishtirokchining (11,8 foiz) pozisiyasi shundan iboratki, bu masalani yaqin insonining o`zi hal etishi lozim.

Bundan tashqari, so`rov 82,4 foiz qatnashchilarning yurtimiz fuqarolari bo`lmish ko`pchilik yoshlarning ta`lim olish uchun boshqa mamlakatlarga ketib, chet el fuqaroligini olgan holda, qaytib kelmayotganliklariga nisbatan salbiy munosabatda ekanligini ham ko`rsatdi.

So`rovda aksariyat (qariyb 90 foiz) fuqarolar davlatimiz rahbarining chet ellarga chiqib ketgan o`zbek mutaxassislarini Vatanimizda ish bilan ta`minlash va o`z salohiyatlarini ro`yobga chiqarishlari uchun imkoniyat yaratishni kafolatlagan holda, ularni yurtimizga qaytarish va qo`llab-quvvatlashga yo`naltirilgan tashabbuslarini ma`qullashi aniqlandi. Respondentlarning fikricha, e`tibor markazida ma`lumotli va yuqori malakali kadrlar masalasi bo`lgani bois, bu boradagi ishlar (ularni qaytarish) mamlakatimiz iqtisodiy o`sishini jadallashtirishda investisiyaviy-moliyaviy va ilmiy-texnologik resurslarni birlashtirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, o`tkazilgan so`rov fuqarolarimizning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning migrasiya jarayonlari, ayniqsa, tashqi mehnat va ta`lim migrasiyasi tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarimizning mehnat va ijtimoiy huquqlari himoyasini ta`minlash, xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini tadbirkorlik va mehnat faoliyatiga jalb qilishni kengaytirish, shuningdek, Harakatlar strategiyasida ushbu yo`nalishdagi vazifalarni izchil amalga oshirishni ta`minlashga qaratilgan tashabbuslarini qo`llab-quvvatlashini ko`rsatdi.

    Boshqa yangiliklar