AsosiyJamiyat

Markaziy harbiy okrugida O`zbekistondagi eng katta harbiy poligon qurilyapti

'Markaziy harbiy okrugida O`zbekistondagi eng katta harbiy poligon qurilyapti 'ning rasmi

Markaziy harbiy okrugidagi «Kattaqo`rg`on» poligonida Samarqand viloyati harbiy-ma`muriy sektori bilan hamkorlikda hududi va salmog`i jihatidan O`zbekistondagi birinchi raqamli harbiy poligon barpo etilyapti. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.

Kattaqo`rg`on shahridan 200 km uzoqlikdagi poligonda olib borilayotgan qurilish ishlari joriy yilning 25 may kunidan boshlanib, shu vaqtga qadar 13 milliard so`m mablag` sarflangan. Yana shuncha mablag` hisobidan poligon hududida 16 ta harbiy va ijtimoiy ob`ektlarda kapital ta`mirlash hamda 4 ta yangi binoni jihozlash ishlari yo`lga qo`yilgan. Shu bilan birga 1200 nafar harbiy xizmatchi uchun yotoqxona barpo etilgan.

Jangovar texnikalar parkida 150 dan ziyod harbiy-texnikalar uchun ochiq maydon hamda yopiq binolar barpo etilmoqda.

«Askar» akademiyasi nomini olgan dala o`quv maydonidagi bunyodkorlik ishlariga Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonining birinchi o`rinbosari – shtab boshlig`i polkovnik Qahramon Achilov rahbarlik qilyapti.

- Poligonni katta qismi harbiy-ma`muriy sektor yordamida, 40 ga yaqin o`quv nuqtalari esa harbiy xizmatchilarning mashg`ulotlaridan bo`sh vaqtlarda bunyod etilmoqda. Eski poligondan farqli tomoni bir vaqtning o`zida barcha mutaxassisliklar hamda qo`shin turlari bir-biriga xalaqit qilmay o`z istehkomlaridan mashg`ulotlarga kirishadi. Bundan tashqari, dala maydonida real jang manzarasini gavdalantirish maqsadida aviasiya zarbalari uchun harbiy hisobdan chiqarilgan 18 ta tank va texnikalar, shuningdek, artilleriya bo`linmalar uchun maxsus nishonlar qo`yilgan. Jangovar texnikalardan otish yo`nalishlarida zamonaviy jang taktikasidan kelib chiqib, qisqa soniyalarda manyovr qo`llash ob`ektlari qurilyapti. Barcha kuch-vositalarini boshqarish, hamkorlikdagi harakatlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida 3 qavatdan iborat qo`mondonlik kuzatuv minorasi barpo etilmoqda. Kelgusida O`zbekiston mezbonlik qiladigan Xalqaro musobaqalarni ba`zilari ham aynan mana shu poligonda o`tkazilishi ko`zda tutilgan, - deydi Qo`mondon o`rinbosari.

Shuningdek, poligonda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish maqsadida optik tolali kabellar tortildi. Er ostidan suv qazib chiqarildi. Okrug boshqaruv apparati tashabbusi bilan askarlar uchun ko`rgazmali o`quv shaharcha bunyod etildi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda dala o`quv maydonlari bo`yicha Markaziy harbiy okrugiga qarashli “Kattaqo`rg`on” va “Forish” birinchi va ikkinchi o`rinda, “Farg`ona” poligoni esa uchunchi o`rinda turadi.


Boshqa yangiliklar