Joriy yilning 2 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Rossiyaning «FosAgro» OAJ kimyo xolding kompaniyasi savdo va marketing bo`yicha bosh direktor o`rinbosari Sergey Pronin bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda Qishloq xo`jalik vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultanov, Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev va "O`zkimyosanoat" AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov ishtirok etdi.
Unda O`zbekistonning qishloq xo`jaligi ehtiyojlari uchun «FosAgro» OAJ tomonidan ishlab chiqarilgan o`g`itlarni etkazib berishni tashkil qilishda uzoq muddatli hamkorlikni yo`lga qo`yish masalasi muhokama etildi.
«FosAgro» ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati fosforli o`g`itlar ishlab chiqaruvchi global kompaniyalardan biri hisoblanadi. Uning asosiy yo`nalishi fosforitga asoslangan o`g`itlar, yuqori sifatli (tarkibida P2O5 39% va undan yuqori) fosfat xom ashyosi - apatit konsentratlari, shuningdek, fosfatlar, azotli o`g`itlar va ammiaklarni ishlab chiqarishga qaratilgan.
Uchrashuv yakuniga ko`ra, kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini batafsil o`rganish uchun birgalikda ishchi guruh tuzish, shu yilning iyul oyida «FosAgro» OAJning ishchi delegasiyasini O`zbekistonga tashrifini tashkil etish to`g`risida kelishuvga erishildi.






