Mahkumlarga xavfsiz mehnat sharoitiga ega bo`lish, dam olish, ta`tilga chiqish, mehnatiga haq olish huquqi beriladi. Bu Adliya vazirligida davlat ro`yxatdan o`tkazilgan Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga kiritilgan o`zgartirish va qo`shimchalarda nazarda tutilgan.
Bundan tashqari mahkumlar ob-havo sharoiti yo`l qo`ysa, ishdan bo`sh vaqtida toza havoda mashqlar bilan shug`ullanish va psixologik yordam olish huquqiga ega bo`ladi.
Endi mahkum og`ir kasallikka chalingan taqdirda, telefon orqali qo`shimcha so`zlashishga, shuningdek shifokorning ko`rsatmasi bilan qo`shimcha uchrashuvga ruxsat beriladi.
Mahkumlarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish davriyligi aniqlashtirildi hamda mahkumlarning har 6 oyda kamida bir marta, shuningdek ularning murojaatiga ko`ra tibbiy ko`rikdan o`tkazish kerakligi belgilandi.






