Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash yo`nalishidagi ishlar samaradorligi oshirish maqsadida “Yo`l-patrul xizmati xodimlarining yo`l harakati qatnashchilari bilan o`zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to`g`risida”gi qarorini chiqargan edi. Mazkur qarorga asosan, YPX xodimi o`z xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borishi belgilandi.
Shuni ta`kidlash kerakki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta`minlash samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 4075-sonli qarorida aynan shu yo`nalishda amalga oshirilishi lozim bo`lgan vazifalar hamda ularning ijrochilari, bu ishga mas`ullar, bajarish muddatlari belgilab berilgan. Qaror e`lon qilingach xodimlarni bodi kameralar bilan ta`minlash yo`nalishida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bir-necha vazirlik va tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda bodi-kameralarni ishlatish yuzasidan texnik shartlar, ularni xarid qilish bo`yicha tender tanlovlari shartlari ishlab chiqilib, e`lon qilindi. Turli savdo tashkilotlariga yuborildi. Ularning takliflari jamlandi.
Nufuzli komissiya tomonidan har bir taklif atroflicha va batafsil o`rganib chiqildi. O`rganishlar jarayonida kameralarning narxidan boshlab, etkazib berish shartlari va muddatlarigacha ko`rib chiqildi. Navbatdagi vazifa kameralarni turli ob-havo sharoitlarida, turli ko`rinishlarda, har xil xolatlarda, vaziyatlarda ishlatib ko`rish va sinovdan o`tkazish edi. Bu bosqich ham muvaffaqiyatli yakunlandi.
Bodi-kameralar xarid qilinadigan tashkilot aniq bo`ldi. Endi butun diqqat-e`tibor ma`lumotlarni saqlash qurilmalarini xarid qilish, dasturiy ta`minotni ishlab chiqishga qaratildi. Bu jo`n vazifa emas. Ertaga yo`llarda turli kelishmovchiliklar va ziddiyatlar, baxs-munozaralar kelib chiqmasligi aynan mana shu dasturiy ta`minotni to`g`ri va aniq ishlashiga ko`p jihatdan bog`liq.
Shuni hisobga olgan holda dasturiy ta`minotni ishlab chiqish ishlariga etuk mutaxassislar, kompaniyalar jalb etildi. Hozirgi kungacha bu ishlarning deyarlik sakson foizi bajarildi. Bodi-kameralarni xarid qilish yuzasidan tuzilgan shartnomada ularni etkazib berish muddati 120 kun qilib belgilangan. Bu ta`minotchining talabi. O`z-o`zidan ravshanki bu muddat qaror ijrosini o`z vaqtida bajarishga mos kelmaydi.
Shularni hisobga olgan holda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bodi-kameralarni ishga tushirish muddatlarini uzaytirish bo`yicha taklif berildi. Kameralar butunlay bekor qilingani yo`q, faqatgina uning ishga tushirish muddatlarini uzaytirish rejalashtirilmoqda. Shuni to`g`ri tushunish va qabul qilish kerak.
O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB
matbuot xizmati






