Bugun, 29 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta`lim muassasalarida navbatdagi bitiruv munosabati bilan tantanali tadbirlar o`tkazildi.
Xususan, Qurolli Kuchlar akademiyasida o`tgan tantanada O`zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, O`zbekiston xalq artisti, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a`zosi Afzal Rafiqov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, bitiruvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.
Davlatimiz madhiyasi yangragandan so`ng, bitiruvchilarga “leytenant” harbiy unvoni, diplom va ko`krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
So`zga chiqqanlar bitiruvchilarni samimiy muborakbod etib, keyingi xizmatida muvaffaqiyat va omadlar tiladi.
O`zbekiston Mustaqilligining 28 yilligi arafasida qo`shinlarga yo`llanma olgan leytenantlar Qurolli Kuchlar shaxsiy tarkibining jangovar tayyorgarligi ma`no-mazmunini tubdan o`zgartirish, taktik, o`quv mashqlarini puxta rejalashtirish, ularni jangovar sharoitlarga imkon qadar to`la yaqinlashtirgan holda olib borish tizimini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida bor bilim va ko`nikmalarini ishga solib, o`zlarining munosib ulushlarini qo`shishiga ishonch bildirishdi.
Tantanali bitiruv marosimlari Mudofaa vazirligiga qarashli Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va harbiy aloqa instituti, O`zbekiston oliy harbiy aviasiya bilim yurti, Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurtida ham bayramona va ko`tarinki ruhda o`tkazildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






