AsosiyJamiyat

Tibbiyot sohasi davlat-xususiy sherikchilik asosida yanada rivojlanadi

'Tibbiyot sohasi davlat-xususiy sherikchilik asosida yanada rivojlanadi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16 apreldagi “Sog`liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori tibbiyot sohasida yangi davrni boshlab berdi. Ushbu hujjat davlat hamda xususiy sektorlarning birgalikda ishlashi, investorlarning yurtimiz hududida, davlat sektorida faol ish yuritishi uchun huquqiy asos bo`lib xizmat qiladi.

Endilikda investorlar o`zlariga qulay bo`lgan muhitda, o`zlari istagan davlat tibbiyot muassasalariga investisiya kiritish imkoniyatiga ega. Xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki to`g`ridan-to`g`ri muzokaralar o`tkazish orqali amalga oshiriladi.

— Buning uchun investor Sog`liqni saqlash vazirligining Davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi (murojaat uchun telefon: 71-241-86-13,71/241-99-42 ) va uning hududiy bo`limlariga Davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasini amalga oshirish bo`yicha o`z takliflari bilan murojaat qilishi mumkin, — deydi ushbu bosh boshqarma boshlig`i Kamolxo`ja Eshnazarov. — Taklif jarayonida tadbirkor quyidagi ma`lumotlarni, jumladan, loyihaning nomi, uni amalga oshirish shakli (jamoat infratuzilmasini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, tashkil etish, jihozlash, modernizasiyalash, moliyalashtirish, foydalanish va unga xizmat ko`rsatish, sog`liqni saqlash sohasidagi ishlarni amalga oshirish, xizmatlar ko`rsatish va tovarlar bilan ta`minlash), loyihaning yakuniy natijalari, amalga oshiriladigan manzili, loyiha qamrab oladigan tibbiy muassasalar, shuningdek, er uchastkalari, bino va inshootlar yoki ularning qismlari, davlat tibbiyot muassasalari binolari (xonalari) to`g`risidagi ma`lumotlar, loyihani amalga oshirishning taxminiy reja-jadvali va muddatlari, jamoat infratuzilmasining texnik-iqtisodiy ko`rsatkichlari, rejalashtirilayotgan investisiyalar hajmi, daromad manbalari hamda uni amalga oshirishning asosiy xavflarini aniq ko`rsatishi kerak.

Bitimning amal qilish muddati davlat va xususiy sherik tomonidan belgilanib, bunda u uch yildan kam bo`lmasligi va 49 yildan oshmasligi lozim. Shuni alohida ta`kidlash lozimki, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda xususiy sherikka ajratilgan er uchastkalari, sotib olingan tibbiy va boshqa uskunalar, shuningdek, ular tomonidan qurilgan ob`ektlar bitimning amal qilish muddati tugagandan so`ng davlat sherigiga topshiriladi.

Yana bir muhim jihati, ushbu hujjat bevosita sog`liqni saqlash tizimidagi bo`sh turgan uchastka va binolardan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlar ko`rsatilishini ta`minlashga yordam beradi. Masalan, laboratoriya, sterilizasiya, tibbiyotda yuzaga keladigan chiqindilarni utilizasiya qilish va onkologiya kabi yo`nalishlaridagi xizmatlarni ko`rsatishi mumkin bo`ladi.

Ushbu qaror bilan belgilangan mexanizmlarda davlat tibbiyot muassasalarida xususiy tibbiyot muassasalari uchun teng imkoniyatlar berilib, investorlarning davlat tibbiyot muassasalariga kirib, hamkorlikda faoliyat tashkil qilish uchun imkoniyat yaratib beradi.

Bu esa tibbiyotning xalqqa yanada yaqinlashuvi, mahalliy tibbiyot muassasalarining infrastrukturasini yaxshilash, tibbiy jihozlar va texnologiyalarni xalqaro talablarga mos ravishda yuksaltirish, kadrlar malakasini oshirish, bir vaqtning o`zida bemorlarda davlat hamda xususiy tibbiyot muassasalarini tanlash imkoniyati, ya`ni qaysi tibbiyot muassasasida davolanish ma`qul kelsa, o`sha shifoxonaning xizmatlaridan foydalanish mumkin bo`ladi.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

    Boshqa yangiliklar