AsosiyJamiyat

“Sarhisob va istiqboldagi qadamlar”

'“Sarhisob va istiqboldagi qadamlar”'ning rasmi

Tadbirkor bugun jamiyatda muhim odamlardan biriga aylangan. Iqtisodning siyosatdan ustun qo`yilishida ham ushbu sohaning qanchalik ahamiyatli ekanini ko`rishimiz mumkin. shu boisdan yoshlarning etakchilik, innovasiyaga intiluvchanlik bilan birga ularning biznesga bo`lgan layoqati, qiziqishi va qobiliyatini oshirishga bo`lgan e`tibor yuksak darajada va bu o`z samarasini sezilarli darajada ko`rsatib kelmoqda desak adashmaymiz. O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da tashkil etilgan matbuot anjumanida ham bu borada batafsil so`z yuritildi.

Tadbir Yoshlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash markazi, Yosh fermerlar Kengashi va “Yoshlar biznes inkubatori” MChJ faoliyatining yillik sarhisobi bo`yicha “Sarhisob va istiqboldagi qadamlar” mavzusida bo`lib o`tdi. Unda hamkor tashkilotlar mutasaddilari, yosh tadbirkor va fermerlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Anjumanda erishilgan natijalar va istiqboldagi qadamlar haqida batafsil ma`lumot berildi.

Unga ko`ra, O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Xalq ta`lim vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi o`rtasida imzolangan memorandum bo`yicha 2018 yil davomida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda joylashgan ta`lim muassasalari “Biznes klub”lar faoliyatini yo`lga qo`yish belgilangani ta`kidlab o`tildi. “Biznes klub” a`zolari uchun respublikamizning turli hududlarida jami 3355 marotaba darslar tashkil etilgan bo`lib, 284100 nafar yoshlar qamrab olingan.

Shu bilan birga, O`zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo`llab quvvatlash markazi tomonidan yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishiga keng jalb qilish, ularda kerakli ko`nikmalarni shakllantirish maqsadida “Biznes sayyohat” loyihasi amalga oshirildi. Ushbu loyiha o`tgan yil davomida 684 marotaba amalga oshirilgan bo`lib, loyiha doirasi 17858 nafar yoshlar qamrab olindi. Yosh tadbirkorlar va hunarmandlar o`rtasida jami 368 marotaba ko`rgazma va savdolar, mehnat yarmarkalari tashkil etildi. Respublikamizning barcha hududlaridagi bo`sh qolgan kasb-hunar kollejlari binolarida 130 dan ortiq tadbirkorlik klasterlari tashkil qilinib natijada 1425 dan ortiq ish o`rinlari yaratildi.

Anjumanda ta`kidlanishicha, O`zbekiston yosh fermerlari Kengashi tomonidan o`tgan yil mobaynida o`nlab loyihalar doirasida 400 dan ortiq tadbirlar tashkil etildi. Ularda 12 mingga yaqin yosh fermer, dehqon xo`jaliklari, tomorqa er egalari va fermerlikka qiziquvchi yoshlar qamrab olindi. Yoshlar tomonidan Kengashga jami 747 ta murojaatlar kelib tushgan va ulardan 698 tasi ijobiy hal etilgan bo`lib, qolganlariga qonuniy tarzda choralar ko`rildi. 410 nafar yoshlarga fermerlik faoliyatini boshlash uchun 8856 gektar er maydoni ajratilishida ko`maklashildi. 632 nafar yosh fermerlarga 71 mlrd. 526 mln. so`m kreditlar ajratilishida ko`maklashildi. “Ona er yoshlar qo`lida” shiori ostida O`zbekiston yosh fermerlarining I Respublika forumi o`tkazilgani ham alohida ahamiyatlidir.

Yosh fermerlar uchun hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Tomorqa – daromad manbai”, “Fermer-fermerga”, “Fidoyi yoshlar otryadlari”, “O`simliklar klinikasi”, “Yoshlar innovasion rivojlanish yo`lida”, “Har bir yoshga bir gektar” singari ko`plab loyihalar amalga oshirilgani va samarali natijalar ko`rsatilgani kelgusidagi amalga oshiriladigan islohotlarga zamin yaratishi tadbirda qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar