21-23 iyun kunlari Markaziy harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda Samarqand viloyatida profilaktik hisobda turuvchi, tarbiyasi og`ir 13 nafar yoshlar bilan “Bo`lajak askar” aksiyasi o`tkazildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.
“Yoshlar oyligi” doirasida Markaziy harbiy okrug hamda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda yigitlar 3 kun davomida harbiylardek hayot kechirishdi.
Egniga harbiy libos kiygan yoshlar harbiy qismning to`laqonli a`zosi bo`lib, kun tartibida belgilangan vaqtlarda harbiy mashg`ulotlarda qatnashdilar.
Yigitlar okrugda yaqinda tashkil etilgan sport vzvodi faoliyati bilan tanishdilar. Sportning boks va dyuzdo turi bo`yicha master klass mashg`ulotlarida qatnashishdi. Dinamik trenajyor orqali otish mashqlarini bajarishdi.
Tungi vaqtlarda esa konsert dasturi va vatanparvarlik ruhidagi filmlar tomosha qilishdi.
Shuningdek, bo`lajak askarlar okrugda yaqinda bunyod etilgan Simulyasiya markazida bo`lishdi. Yoshlar bu erda harbiy xizmat va “ko`cha” hayoti hususida bahsga kirishishdi.
Aksiya yakunida insholar tanlovi o`tkazilib, yaxshi natija ko`rsatgan va ijobiy tavsiflangan yoshlarga Ichki ishlar organlari bilan kelishilgan holda hisobdan chiqarishga tavsiyalar berildi.






