O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bir makon, bir yo`l” II Xalqaro forumiga ishtirok etish maqsadida joriy yil aprel oyida XXRga tashrifi davomida imzolangan hamkorlik to`g`risidagi Kelishuvlar doirasida 2019 yilning 17-21 iyun kunlari “China South Industries Group Corporation”, “CITIC Group” va “Costar Group” kompaniyalari delegasiyasining respublikamizga tashrifi amalga oshirildi.
Muzokaralar yakuniga ko`ra, 20 iyun kuni “Xavfsiz shahar” kompleksini tashkil etish bo`yicha loyihani amalga oshirish doirasida O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko`maklashish markazi hamda “CITIC Group” va “Costar Group” kompaniyalari o`rtasida o`zbek-xitoy qo`shma korxonasini tashkil etish bo`yicha Ta`sis shartnomasi imzolandi.
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov qo`shma korxonani tashkil etish to`g`risidagi Ta`sis shartnomasini imzolash marosimida ishtirok etdi.
O`zbekiston-Xitoy qo`shma korxonasining asosiy faoliyati Toshkent shahrida 300 million AQSh dollari hajmidagi to`g`ridan-to`g`ri invesitisiyalar jalb qilingani hamda “Huawei” kompaniyasining ilg`or texnologiyalari va innovasion echimlaridan foydalangan holda, “Xavfsiz shahar” kompleksini qurish va unga xizmat ko`rsatishni amalga oshirishdan iborat.
Xorijiy delegasiya tashrifi doirasida Toshkent shahrida tegishli vazirlik va idoralar bilan bir qator uchrashuvlar bo`lib o`tdi. Ulardan ko`zlangan maqsad axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikning kelgusidagi istiqbollarini belgilab olishdir.






